UZINFOCOM Markazidan Choyxona palov

  • 2015-10-27 19:09:53
  • 4
  • 0
  • 13574

Masalliqlar

  • mol go'shti - 3 kg
  • sabzi - 4 kg
  • piyoz - 1 kg
  • kungaboqar yog'i - 1 litr
  • sarimsoqpiyoz - 4-5 dona
  • guruch - 4 kg
  • tuz - ta'bga ko'ra
  • zira - ta'bga ko'ra
  • qo'y yog'i - 0,5 kg

Tayyorlash usuli

Palov - bu ko‘plab sharq mamlakatlarining milliy taomi hisoblanadi. Ammo uni tayyorlanishi hammada har xil.

Ushbu retsept palov tayyyorlashning eng oddiy usuli bo‘lmish "Choyxona palov"ga bag‘ishlangan. Masalliqlar 30 kishiga mo‘ljallangan.

Demak, ishni masalliqlarni tayyorlashdan boshlaymiz:

1. Qo‘y yog‘ini kubik shaklda to‘g‘raymiz.


2. Shuningdek mol go‘shtini ham kubik shaklda to‘g‘raymiz.

3. Piyozni yarim halqa qilib to‘g‘raymiz.

4. Sabzini tayyorlaymiz. Hozirda bozor va supermarketlarda vaqtni tejash maqsadida tayyor to‘g‘ralgan sabzini xarid qilish mumkin. Biz shunday yo‘l tutdik))

Bu juda muhim. sariq va qizil sabzi nisbati 3/7 bo‘lishi kerak. Go‘sht, guruch va sabzi 1:1 nisbatda bo‘lsin.

Barcha masalliqlar to‘g‘rab bo‘lgandan so‘ng asosiy ishga o‘tsak ham bo‘ladi.

Oldindan o‘tin va qozonni tayyorlab oling. So‘ng olovni yoqishga o‘tsangiz ham bo‘ladi. Olov tayyorlanishi davomida o‘rtacha va bir xil bo‘lishi kerak.

Yog‘ni qozonga solib, kuyib ketmasligi uchun har zamonda aralashtirib turamiz.

- yog‘ erib bo‘lgandan so‘ng uni qozondan olamiz va o‘simlik yog‘i quyamiz.


- o‘simlik yog‘iga to‘g‘ralgan piyozni solib, qizg‘ish tusga kirguncha qovuramiz.


- piyoz qovurib bo‘lgunicha, piyoz bilan qovurilgan dumba yog‘ini tanavvul qilsak ha bo‘ladi.

- keyin tayyor piyoz ustiga go‘shtni solamiz va tez-tez kovlab turgan holda 20 daqiqa dimlaymiz.


- so‘ng sabzini solamiz, ahamiyat bering sabzini faqat bir qismini solamiz (bu juda muhim, hammasini emas balki bir qismini!!!), sabzining qolgan qismi bizga hali kerak bo‘ladi))


yaxshilab aralashtiramiz

- dimlagandan so‘ng sabzining qolgan qisimini solamiz. Bunda endi sabzini aralashtirmaymiz. Faqat bir tekis qilib go‘sht ustini yopamiz.


- 2,5-3 litr sovuq suv quyamiz.


- ta’bga ko‘ra tuz va zira sepamiz.


- sarimsoqpiyozni sabzi ichiga solib 45-50 daqiqa dimlashga qo‘yamiz.

- ungacha guruchni tayyorlab olamiz. Guruchni yaxshilab yuvib iliq suvga solib qo‘yamiz. Namakob bo‘lsa ham bo‘ladi.


- guruchni qozonga solamiz va ustidan zira sepamiz. Guruchni aralashtirmaymiz. Ozgina dimlanishiga imkon beramiz.


- keyin guruchni sabzi va go‘shtga tegmagan holda aralashtirish kerak.


- guruchni bir tekislab, guruch yaxshilab pishishi uchun unda teshik qilib chiqamiz.

- keyin 7-10 daqiqaga ustini yopib, shu tarzda guruchni bir necha marotaba aralashtiramiz.

- guruchni aralashtirishning oxirgi jarayonidan so‘ng yarim tayyor guruchni ustini katta tog‘ora bilan yopib tayyor bo‘lishini kutamiz.


- palovni aralashtirishdan oldin sarimsoqpiyozni bir chetga olib qo‘yamiz.

-

-so‘ng uni yaxshilab aralashtiramiz.


Mana bo‘ldi. Palovga oldindan pomidor va bodringli salat, tuzlamalar, turf va suzmani tayyorlab qo‘ygan ma’qul.

Yoqimli ishtaha!!!