Ho’l norin

  • 2015-09-16 15:41:00
  • 0
  • 0
  • 12850

Masalliqlar

  • kungaboqar yog'i - 200-250 gr
  • un - 300 gr
  • tuxum - 1 dona
  • suv - 100 gr
  • tuz - 15 gr
  • qazi - 1 dona
  • ot go‘shti - 700 gr

Tayyorlash usuli

Un, tuxum, suv va tuzni aralashtirib, yaxshilab xamir qoriladi va 20-30 daqiqa tindiriladi. So’ngra tindirilgan xamirni yupqa qilib yoyib, taxminan 15-20x20 sm hajmda to’rtburchak shaklida kesiladi.


Ozroq tuz va o’simlik yog’i qo’shib qaynatilgan suvga, qaynayotgan suv idishini hajmiga qarab, 2-3 tadan xamir bo’laklarini solib pishirib olinadi.

Pishib chiqqach xamirlarni chovlida suzib olib, bir‑biriga yopishib qolmasligi uchun xamirni imkon boricha tezroq yoyib qo’yish kerak. Xamirlarni yaxshi qurishi uchun matoning ustiga yoyib qo’yish maqsadga muvofiq. Xamir qo’lga yopishmaydigan tarzda qurigach, ularning boshqa tarafi qurishi uchun ag’darib chiqish lozim.


So’ngra qurigan xamir bo’laklarini har biriga o’simlik yog’i surtib, yassi idishga taxlanadi.


Yog’lab taxlangan xamir bo’laklarini eniga 4-5 smda tasma qilib kesiladi.


5-6 qavatli tasmani mayin qilib ugra kabi to’g’raladi.


Norinning chiroyi xamirning qanchalik mayin to’g’ralganiga bog’liq. Odatda yaxshi qurimasa yoki xamir qatlamlari orasini yaxshi yog’lanmasa, to’g’ralgan xamirlar bir‑biriga yopishib qolishi mumkin, shuning uchun qurish va yog’lashga alohida ahamiyat bering. Keraklicha tuzlangan ot go’shtini qazi bilan 1-1:30 soat mobaynida miltillatib qaynatib olinadi va go’sht bilan qazini suzib olib sovutishga olib qo’ying, sho’rvasini to’kib yuborishga shoshilmang u bizga kerak bo’ladi. Qaynatib olingan go’shtni ham mayda qilib to’g’raladi.

Endi to’g’ralgan xamir va go’sht va o’simlik yog’i qo’shib, ta’bga ko’ra zirani yanchib hammasini birgalikda aralashtiriladi. Dasturxonga tortiq qilishda kosaga tayyor bo’lgan norinni solinadi. So’ngra olib qo’yilgan go’sht va qazi qaynatib olingan sho’rvaning tuzi rostlanib, kosadagi norin ustiga quyiladi. Ustiga parrak qilib kesilgan bir yoki ikki dona qazi bilan dasturxonga tortiladi. Ta’bga ko’ra yupqa to’rg’algan piyozga qora murch sepib ho’l norin bilan tortiq ham qilish mumkin.

Teglar: suyuq ovqat