Tonggi lanjlik bilan kurashamiz
- Muallif: Karimova Diyora Baxtiyor qizi
- Toifa: Go'zallik va salomatlik
- 2015-10-22 10:33:09
- 0
- 0
- 6085
Deyarli har birimiz ertalab issiqqina o'rnimizdan turishni hech xohlamaymiz. Shunday ekan, bu maqoladan siz qanday qilib osongina va yaxshi kayfiyatda uyg'onishni, kunni ham yengil o'tkazishni bilib olasiz.
1. “Yana besh daqiqa uxlay”, degan iborani esingizdan chiqaring. Budilnik chalishi bilanoq va ayniqsa, bir vaqtda turishga odatlaning. Ishoning, bu ishingiz uchun tanangiz sizga, albatta, rahmat aytadi.
2. Tonggi mashg'ulotlar bilan shug'ullaning! To'g'ri, dastlabki bir necha kun, hatto bir hafta og'ir o'tishi mumkin. Ammo, tanangiz tezda tonggi yugurishlar yoki yogaga o'rganib qoladi. Qanday mashg'ulot bilan shug'ullanishingizga qaramay bunday jismoniy faollik sizga kun davomida kuch berib turuvchi tetiklik taqdim etadi.
3. Derazalarni ochamiz. Ertalab turishingiz bilanoq yoki imkoni bo'lsa, uxlaganingizda ham derazalarni ochib qo'ying. Quyosh nuri va toza havo sizni tabiatning jo'shqin energiyasi bilan to'ldiradi va siz o'zingizni, albatta, tetik va kuchga to'lgan his qilasiz.
4. Dam olish kunlari uchun uyqu jadvalini tuzing. Uyqu rejimiga amal qilish foydasini hammamiz bilamiz. Shundagina tezroq uyquga ketib, osongina uyg'onish mumkin. Dam olish kunlarida kishi kechroq uxlashni va tongni ham kechroq qarshi olishni istaydi. Shuning uchun bu kunlar uchun ham alohida jadval tuzib chiqing. To'g'ri, dam olish kunlari bo'lgani uchun siz bu jadvalga hamisha ham rioya qilmasligingiz mumkin, lekin iloji boricha unga amal qilganingiz maqsadga muvofiq.
5. Uyғg'onishingiz bilanoq 3-5 marta chuqur nafas olishga odatlaning. Shunda sizning tanangiz kislorodga to'yinadi. Bundan tashqari, chuqur nafas organizm uchun uyg'onganlikni anglatuvchi signal vazifasini o'taydi.
6. Krovatingizdan oyog'ingizni pastga tushiring. Bu uyqu rejimidan sergaklik rejimiga o'tishning eng yaxshi va tezkor usulidir.
7. Budilnigingiz qo'shig'ini o'zgartirib turing. Bugungi kunda budilnikka millionlab qo'shiq qo'yish imkoni bor. Unga shunday qo'shiq o'rnatingki, toki u sizni qayta uxlashga emas, turishga va kunni tabassum bilan boshlashga undasin.
8. Dush qabul qiling. Dushni kontrast holatda, ya'ni issiq va sovuq suvdan almashtirib foydalaning.Hech ikkilanmay aytishimiz mumkinki, u sizni tezda sergak tortishingizda ko'maklashadi.
9. Barcha zarur ishlarni kechqurun hal qiling. Odatda bizni tongda bir dunyo ishlar, vazifalar kutib turganini bilganimiz uchun ham hech uyg'ongimiz kelmaydi. Vazifalaringizni osonlashtiring: hali bir kun oldin kechqurundan sumkangizni, ishga olib ketadigan tushligingizni tayyorlang, kiyimlaringizni dazmollang, zarur elektron xatlarni jo'natib qo'ying. Bu bilan tonggi uyg'onishingizni yanada yoqimli bo'lishini ta'minlashingiz tayin.
10. Qandaydir yoqimli narsani kutib uyg'oning. Bunda istalgan narsani o'ylashingiz mumkin: siz sevgan omlet yoki nonushta qilish uchun biror shinam kafega borishingiz, kelayotgan yarim soatda sokinlikda hali endi bosilgan gazeta o'qishingizni reja qiling.