«Chyolka» sizga yarashadimi?
- Muallif: Malika
- Toifa: Go'zallik va salomatlik
- 2015-10-26 10:38:10
- 0
- 0
- 20615
Bizga ma'lumki, qizlar urf-modaga juda o‘ch bo‘ladi. Ayniqsa, «chyolka»(peshonagajak) juda tez urfga kirib, yana tezda urfdan chiqadigan tashqi ko‘rinish bezaklaridan biri.
Lekin aksariyat qizlar moda nimani «buyurish»idan qat'i nazar, «chyolka» qirqtirib yuradilar. «Chyolka» o‘stirishning nozik tomonlaridan biri u hammaga ham birdek yarashavermaydi. «Chyolka» sizga qanchalik yarashishini oldindan aniqlashning yo‘llari bor. Bugun mana shu haqda ma'lumot beraman.
Peshonagajak — bu shunchaki qosh chizig‘i bo‘ylab qirqilgan sochlar deb o‘ylansa, qattiq yanglishiladi. Chunki uning turli shakllari mavjud. Yuz tuzilishidan kelib chiqqan holda o‘zga yarashadigani tanlanadi.
Klassik (bir tekis) «chyolka» ko‘proq ko‘zlarga urg‘u berib, bir necha yoshga yoshartirishi mumkin. Ammo sochlar tolasi ingichka yoki jingalak bo‘lsa, klassik shakldagi «chyolka»ni tanlamagan ma'qul.
«Kosoy» (qiyshiq) «chyolka» jingalak soch sohibalari uchun emas. Chunki kun davomida to‘g‘rilab yurishga majbur bo‘ladi. Ko‘rish qobiliyati past bo‘lsa, ko‘zoynak o‘rniga linza taqib yurish afzal bilinsa —«chyolka»ni uzun qilib qirqtirmagan ma'qul.
Shu qoidani ham unutmaslik kerakki, chiroyli bo‘lish istalsa, erinmasdan «Chyolka»ni har kuni o‘ziga kerakli tarzda yotqizish (ukladka qilish) lozim. Maftunkor bo‘lish oson ish emas, axir.
Maxsus qoidalarni eslab qoling:
* Yosh qizlar istalgan shaklda «chyolka» qirqtirishlari mumkin. Yoshi 30dan oshgan ayollarga esa bunday qilishni maslahat bermagan bo‘lar edim.
* Jussasi qotmadan kelgan qizlarga haddan ortiq ishirilgan «chyolka»lar yarashmaydi. Sarviqomat go‘zallar ham tekis qirqilgan «Chyolka»lardan voz kechganlari ma'qul.
* Sochlar ukladkaga bo‘ysunmaydigan bo‘lsa, «chyolka»ni kalta qirqtirmaslikka harakat qilish kerak.
* CHo‘zinchoq yuz, keng peshona sohibalariga uzaytirilgan shaklda qirqilgan «chyolka» yarashadi.
* To‘rtburchak yoxud uzunchoq yuzli qizlar uchun «kosoy» «chyolka» ayni muddao.
* Uchburchak yuz sohibalariga kamalak shaklidagi «chyolka» yarashadi.
* Ilk marotaba «chyolka» qirqtirayotgan taqdirda, uning kalta bo‘lmasligiga e'tibor berish lozim, chunki yoqmagan taqdirda, peshonagajakni bemalol yonga yig‘ishtirib, yonga olib qo‘yish bilan muammodan xalos bo‘lish mumkin.
* «Chyolka» maxsus parvarishni talab qilmaydi. Asosiysi, sochlar hamisha toza, sog‘lom va jilvakor bo‘lsin!