Qanday mikserni tanlagan ma’qul?
Pazanda bekalarning asosiy ish quroli - mikser haqida nimalarni bilasiz? Umuman, ularni xarid qilayotganda nimalarga e’tibor berish kerak? Avvalambor, mikser tanlashda uning turiga, quvvatiga, tezliklari va qo‘shimcha qismlariga e’tibor berish lozim. Hamda, mikser bilan birga bo‘lgan idishchasining xajmini ham e’tibordan qoldirish kerak emas.
Mikser turlari. Mikserlar odatta ikki xil bo‘ladi. Birinchisi oddiy (qo‘lda boshqariladigan) mikserlardir. Ular ommabop va hamyonbopligi bilan ajralib turadi. Ikkinchisi - ko‘chmas, ya’ni bir joyda o‘rnatilib ishlatiladigan. Ko‘chmas mikserlardan asosan qandolat sexlarida foydalaniladi. Ular bir yerga o‘rnatilib, katta xajmdagi masalliqlarni ko‘pirtirishga mo‘ljallangan. Agar siz uyda muntazam pishiriqlar pishirishni xush ko‘rsangiz, ikkinchi turdagisini tanlang. Agar dam olish kunlari, bayramlarda pishirib tursangiz, birinchi turini olishni maslahat beramiz.
Tezlikni tartibga solish. Turli tezliklarda ishlaydigan mikserlar asosan ikkinchi turga mansub. Chunki, qo‘l mikserlarida ko‘proq qulaylik va yengillik ahamiyatga ega. Bir qo‘lda uzoq vaqt og‘ir mikserni ko‘tarib turishni kim ham hohlaydi deysiz? Albatta, mikser tezligini tartibga soluvchi tugmalar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Lekin e’tibor bering, tugmalarni bir barmoq bilan tartibga solish mumkinmi? Agar bu sizga ish jarayonida noqulaylik tug‘dirmasa, demak, uni xarid qilish lozim.
Motori. Qo‘l mikserlar motorining eng maqbul quvvati - 100-300 Vatt. Qo‘chmas mikserlar kuchliroq, ya’ni 200-500 Vatt quvvatga ega bo‘ladi. Agar quvvat bundan yuqori bo‘lsa, uning yoqib o‘chirilishi uchun maxsus tugmasi bo‘lishi lozim. Birdaniga katta hajmdagi masalliqlarni ko‘pirtirish lozim bo‘lsa yuqori quvvatlisini tanlash to‘g‘ri bo‘ladi.
Tishlari. Mikser tishlarining ko‘pligi uning narxini ham belgilaydi. Ammo bir-birini o‘rnini to‘ldiradigan tishchalarga aldanib qolmang! Agar mikser tishlariga qo‘shimcha ravishta miqdor o‘lchagich stakan, tozalagich va maxsus kurakcha bo‘lsa, ayni muddao. Bu ish jarayonida sizga qo‘l keladi. Ba’zi mikserlar tishchalarini almashtirish bilan nafaqat ko‘pirtirish, balki yengil qiymalagichga aylanishi mumkin. Mikser tarkibida qisman blender vazifasini o‘taydigan pichoq-tishlarining mavjudligi ham oshxona ishlarida ancha qulaylik tug‘diradi.