Qulupnayning 10 ta foydali xususiya
- Muallif: Malika
- Toifa: Oshxona va ovqatlanish
- 2016-04-08 16:17:47
- 0
- 0
- 10703
Qulupnay – rezavor va tansiq meva bo‘lib, u ishtahani ochadi, oshqozonning hazm qilish faoliyatini me’yorlashtiradi. Qulupnay tabiiy peshob haydovchi vosita bo‘lib, organizmdagi tuz miqdorini normallashtiradi. Hademay shahrimiz bozorlari qulupnayga to‘lib-toshadi. Shu munosabat bilan, quyida sizni qulupnayning foydali jihatlari bilan tanishtiramiz.
Yurak faoliyatini yaxshilaydi
Qulupnay tarkibidagi antioksidant va flavonoid darmondorilari qon tarkibini toksin – zaharli moddalardan tozalaydi. Mazkur vitaminlar qon tomirlardagi tiqinga aylanish xavfi yuqori bo‘lgan zararli xolesteringa qarshi kurashadi. Qulupnayning eng muhim foydali jihati shundaki, u yurakdagi va tanadagi yallig‘lanishlarni davolaydi.
Qulupnay sharbati tarkibidagi organik kislotalardan biri kashandalikka qarshi kurashib, saratonni oldini oladi. Shu bois tamaki chekuvchilar qulupnay sharbatini doimiy tarzda iste’mol qilsalar o‘z salomatliklari uchun foyda bo‘ladi.
Xotirani mustahkamlaydi
Agar xotirangizdan shikoyatingiz bo‘lsa, kundalik taomnomangizdagi qulupnay miqdorini oshiring. Qulupnay tarkibidagi Fisetin tabiiy ekstrakti miyadagi neyronlarning ma’lumot almashish faoliyatini yaxshilab, xotirani mustahkamlaydi. “Nevrologiya” jurnalida yozilishicha, har hafta 2 yoki undan ortiq porsiya qulupnay yeyish keksalikda xotira susayishi xastaligiga chalinishdan himoya qiladi.
Tananing yosh va g‘ayratli ko‘rinishini ta’minlaydi
Qulupnay tarkibida tanadagi modda almashinuvi jarayonini faollashtiradigan uglevodlar miqdori yuqori bo‘lib, bu organizmdagi hujayralarning tezroq yangilanishi, yangi hujayralarning paydo bo‘lishiga sharoit yaratadi.
Immunitetni oshiradi
Qulupnay S vitaminiga boy bo‘lib, bu darmondori immun tizimi uchun juda keraklidir. Bir stakan qulupnay tarkibida inson kunlik iste’mol qilishi lozim bo‘lgan S vitamini mavjud. Shunday ekan, qulupnay mavsumida bu xushxo‘r mevadan yeb qoling.
Qonni suyultiradi
Qulupnay qonning suyulishiga ko‘maklashadi. Organizm uchun nordon qulupnay foydali bo‘lib, qulupnayni shakarga botirib emas, sutli mahsulotlari – smetana, qaymoq yoki sut bilan iste’mol qilgan ma’qul.
Diabet va ich qotishini davolaydi
Ich qotishi bilan bog‘liq muammo tanadagi ichaklar faoliyati bilan bog‘liq. Qululpnay esa mazkur ichaklarning rivojlanishi uchun zarur pay tolalarini rivojlantiradigan moddalarga boy. Shuningdek, qulupnay tarkibidagi Biriktiruvchi to‘qima oqsillari qondagi qand miqdorini ham nazorat qiladi va diabetning oldini oladi. Qondagi glyukoza miqdori 40 foizgacha bo‘lgan qandli diabet bilan xastalangan insonlar qulupnayni xohlagancha iste’mol qilishlari mumkin.
Qulupnay sizga quvvat beradi
Uning tarkibida kletchatka va pektin moddalari yuqori miqdorda bo‘ladi. Qulupnay tarkibida yetarli miqdorda organik shovul kislotasi mavjud bo‘lib, mazkur modda tanani energiya bilan ta’minlash xususiyatiga ega.
Qulupnay terining nafis va silliqligini ta’minlaydi
S vitamini hamda terining “dushmani” hisoblangan toksinlarning eng ashaddiy g‘animi – qulupnaydir. Shu sababli, bu mevadan tez-tez yeb turish tananing keksayish jarayonini, ajin tushishini sekinlashtiradi. Qulupnay terini tiniqlashtiradi, taranglashtiradi. Shuningdek, qulupnay salitsil kislotasining tabiiy manbai bo‘lib, chehrani husnbuzarlardan xalos qiladi. U uy sharoitida yuz uchun niqob tayyorlashda ayni zarur mahsulot.
Bakteriyalarga qarshi kurashadi
Qulupnaydagi polisaxaridlar organik kislotalar bilan birgalikda ichak mikroflorasini normallashtirishga, disbakteriozni oldini olishga va organizmdan toksinlar hamda og‘ir metallarni haydashga yordamlashadi.
Tanaga zarur darmondorilarni yetkazib beradi
Qulupnayni muntazam iste’mol qilinishi mavsumiy vitamin tanqisligining oldini oladi va organizmni S, Ye va V guruhi vitaminlari bilan to‘yntiradi. Bundan tashqari qulupnay tarkibida yuqori miqdorda metall moddalar – marganets, kaliy, kalsiy, mis, kobalt, molibden xususan yengil hazm bo‘ladigan shaklda mavjud.
Yana unda foliy, limon, olma va salitsil kislotalari yurak siqilishini oldini olishda ko‘maklashuvchi V vitamini, ish faoliyatimiz tonusini oshirishda yordam beruvchi K vitamini, qoni kam insonlar uchun foyda bo‘ladigan temir moddasi bor.
Eslatma: Ma’lumki, ishtahani ochuvchi bu qizil mevani haddan ziyod ko‘p iste’mol qilish ham yaramaydi. Oshqozon yarasi va gastritdan aziyat chekayotgan insonlar qulupnayni iste’mol qilmaganlari ma’qul. Sababi uning urug‘lari oshqozonning shilliq pardasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bo‘g‘imlar og‘rig‘ini boshdan kechirayotganlar ham ushbu mevani tanovvul qilishda ehtiyot bo‘lishlari lozim. Allergiyasi bor kishilarga esa bu shirin meva man etiladi.