Kivining sog‘lik va go‘zallik uchun foydali xususiyatlari
- Muallif: Malika
- Toifa: Oshxona va ovqatlanish
- 2016-06-22 16:36:26
- 0
- 0
- 10755
Kivi mevasi o‘zining vitaminlarga boyligi bilan mashhur. U o‘zining turiga qarab 50 grammdan 150 grammgacha og‘irlikda bo‘lishi mumkin. Uning katta qismini suv tashkil qiladi (84 %). Suvdan tashqari, uning tarkibida oqsil (1%), yog‘lar (1 foizdan kamroq) va uglevodlar (10 %) mavjud. 100 gramm mahsulot 48 kilokaloriyaga teng.
Kivi tarkibidagi vitaminlar
- Kivi S vitaminiga boy. (100 gramm mahsulotda 92 mg). Undagi ushbu vitamin sitrus mevalar va bulg‘or qalampiriga qaraganda ko‘proq.
- Uning tarkibida Ye vitamini mavjud. Bu vitamin odatda yog‘lilik darajasi yuqori mahsulotlarda bo‘lganligi uchun ortiqcha vaznga qarshi kurashayotganlar bunday mahsulotlarni iste’mol qilishni odatda cheklaydi. Kivini esa har qanday parhez bilan uyg‘unlashtirish mumkin.
- Juda kam mahsulotlarda uchraydigan B9 vitamini (foliy kislotasi) va B6 (piridoksin) mavjud. Homilador va emizikli ayollar, bolalar va keksalar uchun ayniqsa foydali bo‘lgan B6 vitaminining bitta kividagi miqdori kunlik normaning 4 foizini tashkil etadi.
Kivining foydali xususiyatlari
Mazkur meva S vitaminiga boyligi tufayli shamollash bilan bog‘liq xastaliklar, yuqumli infeksiyalarning oldini oladi va immun tizimini mustahkamlaydi. Uni muntazam iste’mol qilish organizmdan xolesterinni chiqarib yuboradi, yurak-qon tomir va saraton xastaliklarining yuzaga kelish xavfini kamaytiradi. Ovqat hazm qilish, moddalar almashinuvi jarayonini yaxshilaydi. Kivini to‘yimli tushlik va kechki ovqatdan keyin iste’mol qilish ham ayni muddaodir. U oshqozonning og‘ir bo‘lishi hamda me’da qaynashining oldini oladi.
Bundan tashqari, kivi tarkibidagi mikroelementlar qon bosimining oshishi, yurak yetishmovchiligining oldini oladi, tomirlar va kapillyarlar devorini mustahkamlab, ateroskleroz va trombozlarning yuzaga kelish xavfini kamaytiradi.
Stresslardan va davomli tushkunlikdan qutulish uchun mutaxassislar kunlik ratsionga bir nechta kivi mevasini kiritishni tavsiya qiladi. Uning organizmdan tuzni chiqarib yuborish xislati buyrakda tosh paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.
Kivi kosmetologiyada
Tozalangan kivi mevasi po‘stlog‘ini tashlab yuborishga shoshilmang. Undan yuz uchun niqob tayyorlang yoki shunchaki uning ichki qismini yuz va bo‘yin sohasiga suring. Uning terini tetik va taranglashtirib, yoshartirishi isbotlangan.
Siz kivini yog‘siz yogurt (normal yuz terisi uchun), asal (quruq yuz uchun) yoki tvorog (qo‘shimcha namlantirishga muhtoj teri uchun) aralashtirib, yuzingizga surib qo‘yishingiz mumkin. Bunday niqobdan so‘ng, teriga yumshatuvchi krem surish tavsiya etiladi.