Qorin bilan uxlamang! Shuningdek, katta hajmli yostiqlardan voz keching. Tunda barcha a’zolar kabi yuz va bo‘yin terisi ham dam olishi shart. Katta yostiq yoki qorin bilan uxlaganingizda bo‘yin terisi cho‘zilib, erta ajinlar tushishiga sabab bo‘ladi. Yuzni yostiqqa bosib yoki ko‘rpaga boshni burkab uxlaganda yuz terisi nafas olmay qoladi. Ertalabga qadar shishlar paydo bo‘lishi ham mumkin.

To‘yib uxlang! Yuz terisi hujayralari, shuningdek kollagen moddalari faqatgina tunda qayta tiklanadi. Faqat buning bir sharti bor: siz tungi soat 11 ga qadar uxlagan bo‘lishingiz lozim.

To‘g‘ri ovqatlaning, ya’ni vitamin, antioksidant hamda minerallarga boy yeguliklarni iste’mol qiling. Keksalikka qarshi kurashuvchi mahsulotlar sirasiga sabzi, pomidor, ko‘katlar, sut, tvorog, tuxum, jigar hamda turli bo‘tqalar kiradi.

Ko‘k choy va mevali sharbatlar iching. Yangi tayyorlangan sharbatlarda teri uchun kerakli vitaminlar mavjud. Ko‘k choy esa tonusni saqlash, qon aylanishini tezlashtirish va teri nafas olishiga yordam beradi.