Muddati o‘tgan kosmetikadan ehtiyot bo‘ling!
- Muallif: Malika
- Toifa: Go'zallik va salomatlik
- 2016-11-01 10:33:03
- 0
- 0
- 10263
Qo‘llanmani pardoz stolingiz yoniga ilib qo‘ying!
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni pardoz vositalaridan foydalanadigan ayol organizmiga bir yilda 2 kg. kimyoviy modda tushar ekan. «Naqadar dahshat!» deya vahimaga tushishga shoshilmang. Kosmetik vosita ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining inson organizmi uchun zarar yetkazmasligiga javobgardirlar. Lekin pardoz vositalarining muddati o‘tgan bo‘lsa-chi? Unda ularning tarkibi uchun ham, sog‘ligingiz uchun ham o‘zingizda boshqa hech kim mas’ul bo‘la olmaydi. Demak, muddati o‘tgan pardoz vositalaridan kutiladigan talofotlar bilan tanishtiramiz.
Tush
Saqlash muddati: 3 oydan 6 oygacha. Pardoz vositalari orasida «umr»i eng qisqasi shu.
Muddat o‘tgach: qurib qolgani uchun qo‘llashga yaramaydi. Ammo ayollar ko‘pincha qurigan tushь flakoniga turli suyuqliklar quyib, uni suyultirmoqchi bo‘lashadi. Natijada tushning kimyoviy tarkibi o‘zgarib ketadi. Bu esa ko‘zning shohpardasi yallig‘lanishiga olib keladi.
Ko‘z uchun suyuq qalam
Saqlash muddati: 3 oydan 6 oygacha. Bu ham xuddi tushь kabi tez qurib qoladi.
Muddat o‘tgach: unda bakteriyalar ko‘paya boshlaydi, ko‘zga surtilgach, zararli mikroorganizmlar ko‘z shilliq pardasiga tushadi va uning yallig‘lanishiga olib keladi.
Tenlar
Saqlash muddati: 1 yil.
Muddati o‘tgach: qovoq terisida allergik reaksiya keltirib chiqaradi, ko‘zlar qizarib, shishib ketadi.
Ko‘z, qosh va lab uchun qalam
Saqlash muddati: 2 yil.
Muddat o‘tgach: qattiqlashib qoladi, yaxshi surtilmaydi. Ko‘z uchun qalam ko‘zga mexanik zarar yetkazadi – ko‘z milkini tirnaydi. Tirnalgan joylarga bakteriya tushib, kasallik keltirib chiqaradi.
Labbo‘yoq
Saqlash muddati: 1,5 yil.
Muddat o‘tgach: noxush hid chiqara boshlaydi, o‘zida bakteriyalarni yig‘adi. Ular lab terisi va og‘iz orqali organizmga, birinchi navbatda, oshqozonga tushadi. Ichki kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Lab uchun balьzam
Saqlash muddati: 2 yil.
Muddati o‘tgach: foydalilik xususiyatini yo‘qotadi, tarkibidagi namlik miqdori kamayadi va lablarni quritadi.
Yog‘upa
Saqlash muddati: 1 yildan 1,5 yilgacha. Muddat o‘tgach: uvadalanib, sochila boshlaydi. Yuzga surtilganda, dumaloq-dumaloq bo‘lib ushoqlanadi. Teri allergiyasini keltirib chiqaradi, qichishish, qizarish, shishlar yuzaga keladi.
Kremlar
Saqlash muddati: 6 oy.
Muddat o‘tgach: tarkibidagi suv yuzaga chiqadi, asos esa tubiga cho‘kadi, zamburug‘lar, bakteriyalar ko‘payadi. Yuzga husnbuzarlar, turli toshmalar toshiradi. Bundan ham yomoni, kasallik keltirib chiqaruvchi mikroblar teri orqali qon tomirlariga tushib, jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Upa
Saqlash muddati: 1 yilgacha.
Muddat o‘tgach: kukun shaklidagisi tarkibida chang, mayda burgalar, qattiq pudra va sponchda esa bakteriyalar ko‘payadi. Ular ekzema keltirib chiqaradi.
Quyoshdan himoyalovchi krem
Saqlash muddati: 6 oy.
Muddat o‘tgach: o‘z vazifasini bajarmay qo‘yadi, ya’ni teringizni quyoshdan himoya qilmaydi. Natijada, quyoshda kuyish, teri ko‘chishi kabi noxush holatlar yuzaga keladi.
Soch uchun muss, lak, gel-vosk
Saqlash muddati: 6–12 oy.
Muddat o‘tgach: tarkibidagi kimyoviy moddalar xususiyatini o‘zgartiradi. Natijada sochlarni to‘kadi, quritadi, qazg‘oq paydo qiladi.
Tirnoq uchun lak
Saqlash muddati: uzog‘i 6 oy.
Muddat o‘tgach: quriydi, jilosini yo‘qotadi. Tirnoqlarga yaxshi surtilmaydi, tez ko‘chib ketadi. Shuningdek, tirnoqlarni yemiradi, sinuvchan qilib qo‘yadi.
Atir
Saqlash muddati: 2 yilgacha.
Muddat o‘tgach: ifori susayadi, iforning tanada saqlanish muddati ham kamayadi. Ayrimlarning terisida allergiya beradi.
Yuz terisini tozalovchi vositalar
Saqlash muddati: 1 yil.
Muddati o‘tgach: hidining o‘zgarishi va rangi xiralashadi. Natijada tozalovchi emas, zararlantiruvchi vositaga aylanadi.
Shampun
Saqlash muddati: 2 yil.
Muddat o‘tgach: ifori va foydalilik xususiyatini yo‘qotadi. Bosh terisini qichishtiradi, qazg‘oqlar keltirib chiqaradi.
Dush uchun gel
Saqlash muddati: 2 yil.
Muddat o‘tgach: quriy boshlaydi, tarkibidagi ifor beruvchilar o‘z kuchini yo‘qotadi, kimyoviy tarkibi o‘zgaradi, natijada, terida turli toshmalarni keltirib chiqaradi.