Turp: ozdiradi, yoshartiradi, qonni ko`paytiradi
- Muallif: Malika
- Toifa: Oshxona va ovqatlanish
- 2017-01-13 12:50:06
- 0
- 0
- 10200
Tanangiz madorsizlanayotganini sezayapsizmi, davosini uzoqdan axtarmang-da, uydagi bor mahsulotlarga diqqat qarating. Misol uchun, kuzda pishadigan qarsildoq turpga. U shamollashda asqotishini hammamiz bilamiz, ammo xotirani charxlashi, sariq kasalidan keyin jigarga eng kerakli quvvatdori bo`lishi, sochlarni qalinlashtirishi va kamqonlikni samarali davolashidan bexabardirsiz. Kamsuqumgina sabzavot o`zida shuncha sir yashirganinga hayron bo`lmasa ham bo`ladi. Axir unda bara vitaminlar namoyon, kaliy va kalsiy, temir va magniy borligidan esa eng sara darmondori o`rinini bosa olishiga shubha yo`q. Demak, turp yordamida davolanishni boshlaymiz.
Mutaxassis – oilaviy shifokor Yulduz KARIMJONOVA
FOYDASI BEQIYoS
Keyingi paytlarda behollik, kayfiyat tushishi, mushakdagi og`riqdan qiynalayotgan bo`lsangiz, ovqatdan oldin 2 osh qoshiqdan turp shirasini qabul qiling. O`t yo`llarida safro yig`ilishi, xotira pand berishidan aziyat chekadiganlar ham turpni tez-tez iste`mol qilib turishlari kerak. Biz bilgan yashil navli turpdan tashqari, sabazvotning qora va oq turi ham bor. Qora turpni topa olsangiz, bel og`rig`i, teri toshmalaridan qutuldingiz, hisob. Bu sabzavotdan turli kompresslar tayyorlash mumkin. Oq turp – daykon esa o`t yo`llarini tozalovchi ajoyib davo. Uni salatlarga qo`shib iste`mol qiling.
ANEMIYa QIYNASA...
Buning uchun turpni xomligicha qirg`ichdan o`tkazib, suvini sopol idishga solib, gaz pechining past olovida yarim soat saqlaysiz. Shifobaxsh malhamni kuniga 3 mahal, bir osh qoshiqdan ovqatdan 15 daqiqa oldin iching, bir oyda shifo topasiz.
O`PKA KASALI VA ALLERGIYaDA
Turpni qirg`ichdan o`tkazib, shisha idishga soling-da, ustini mahkam yoping. Yarim soatdan keyin ustingizni qalin o`rab, idish ustida 5 daqiqa nafas oling. Muolajani kuniga 2 mahal, ertalab va kechqurun o`tkazish foydali.
BEL OG`RIG`IDA
Turpni mayda qirib, 1 osh qoshiq tuz va asal bilan aralashtirib, ikki qavat doka orasiga joylang. So`ng og`riyotgan joyga qo`yib, bog`lab qo`ying. Bir soatdan keyin kompressni olish mumkin.
SARIQ KASALIDA
Turp qonni tozalash xususiyatiga ega. Shuning uchun sariq kasali bilan og`rigan bemorlar yangi siqilgan turp shirasini har kuni ovqatdan yarim soat oldin yarim piyoladan ichishlari shart.
SOCh TO`KILIShIDA
Turp shirasini asal bilan aralashtirib, soch ildiziga surting. Ustidan sochiq o`rab, bir soatga qoldiring. So`ng boshni iliq suvda chayib, ortidan zaytun moyidan surtasiz. Shampun bilan yuvib bo`lgach, sochni o`z xolicha qurishiga qo`yib bering. Muolajani haftasiga 2 marta o`tkazish kifoya.
VAZN MUAMMOSIDA
Ozmoqchi bo`lganlar turpni ovqatdan oldin, albatta, eyishlari kerak. Gap shundaki, turp tarkibida kletchatka bo`lib, oshqozonni tez to`ldiradi. Turpni maydalangan yong`oq va anor donalari bilan birga esangiz, immunietni ko`tarish, erkaklarda esa prostatitni davolashga imkon bo`ladi.
YuZDAGI TOShMA VA DOG`LARDA
Yuzni tozalovchi tonik bilan artib, turp shirasini surtsangiz, anchadan beri qiynayotgan so`lg`inlik, rangparlik, har xil dog`lar va qizil toshmalardan oson qutulish mumkin.
YO`TALDA
Kechqurun turpni bir tomonidan o`yib «kosa» hosil qiling-da, ichiga ikki choy qoshiq asal yoki shakar solib, ustini yopib qo`ying. Ertalab ochsangiz asal erib, ajoyib ta`mli malham tayyor bo`lganini ko`rasiz. Bunday qiyom bolajonlarga ham ma`qul keladi. Kun bo`yi bir qoshiqdan ichib yursangiz, yo`taldan qutilasiz.
HAShAROT ChAQQANDA
Turp bo`lagi, ayniqsa, qovog`arining chaqishiga qarshi ajoyib davo bo`la oladi. Shuningdek, uning shirasini ichsangiz, chaqqan joydagi shish tez yo`qoladi.
ISITMA KO`TARILGANIDA
Turp shirasini bir chimdim tuz bilan aralashtirib ichilsa, tana harorati tez tushadi, yallig`lanish bartaraf etiladi.
KIMLARGA MUMKIN EMAS
Afsuski, ba`zi surunkali kasalliklar bilan xastalangan bemorlar uchun turp iste`moli zararli bo`lishi mumkin. Bular:
– yurak infarkti, insultni boshdan kechirganlar;
– gastrit, xolesestit, oshqozon yarasi, podagra kasali bilan og`riganlar;
– 3 yoshgacha bo`lgan bolalar;
- siydik yo`llari xastaliklari bilan og`rigan homilador ayollar bu sabzavotni ehtityokorlik bilan (kam-kamdan) iste`mol qilishlari tavsiya qilinadi.