Temir idishdagi zangni tez va oson ketkazish usuli


Quyma temirdan ishlangan tova va kastryullar uzoq xizmat qiladi, biroq ular vaqt o‘tgan sayin zanglay boshlaydi. Har bir oshxonada mavjud bo‘lgan uch vosita yordamida zangni osongina ketkazish mumkin."Layfxaker" zang ketkazishning oddiy usulini suratlar bilan taqdim etdi.

Buning uchun sizga 1 dona kartoshka, dag‘al tuz va o‘simlik yog‘i kerak bo‘ladi.

Tozalash jarayonida stolni iflos qilmaslik uchun uning ustini eski gazeta bilan yopib qo‘ying.

Dastlab tovaga ko‘proq tuz seping, lekin paketini uzoqqa olib qo‘ymang, chunki keyinroq yana kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng kartoshkani ikkiga bo‘ling va archilgan tomoni bilan idishni tozalashni boshlang. Tovaning chetlari va ushlagichi ham esdan chiqmasin.

Tuz ifloslanganini ko‘rishingiz bilan idishni chayib yuboring va bu jarayonni yana bir marta takrorlang.

Idish toza holatga kelganidan keyin uni yuvib quriting. Qolgan namlik bug‘lanib ketishi uchun uni bir daqiqaga past olovga qo‘ying.

Shundan so‘ng idishga biroz o‘simlik yog‘i solib, qog‘oz sochiq bilan artib tashlang. Yog‘ qoldiqlarini tozalab arting va tovani yarim soat davomida past olovga qo‘ying.

Idish sovigach, uni quruq sochiq bilan artib tashlang.

Zang qayta paydo bo‘lmasligi uchun idishdan foydalangandan keyin har safar bu jarayonni takrorlang. Idishni namlikdan uzoqda saqlang.


Teglar: oshxona