Sifatli kiyim-kechaklar to‘g‘ri parvarish qilinsa, uzoq vaqt xizmat qiladi. Agar ularni o‘ylamasdan kir mashinasiga tashlayverilsa, u holda "yo‘qotishlar"siz bo‘lmaydi. "Layfxaker" kiyimlarning sifatiga putur yetkazmay yuvish sirlari haqidagi maqolasini taqdim etdi.

1. Sifatli buyumlarni farqlashni o‘rganing

Biror buyumning qimmatligi har doim ham uning sifatli ekanidan dalolat beravermaydi. Ha, bunday kiyim odatda qimmatroq bo‘ladi, lekin xarid paytida ularning faqatgina narxiga asoslanish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Choklarni tekshiring. Ular bir xil va ravon bo‘lishi kerak. Kiyimning teskarisini o‘giring: choklar hamma yoqda uzilishlarsiz bo‘lishiga ahamiyat bering. Choklar orasidan iplarning chiqib turishi - libosning sifati pastligidan dalolat beradi. Iplarning o‘zi ham mustahkam bo‘lishi kerak.

Matodagi rasmlar choklar chizig‘iga muvofiqligiga ishonch hosil qiling.

Kiyim xarid qilayotganda albatta uni o‘lchab ko‘ring. Arzon brendlar xarajatlarni qisqartirishga harakat qilib, kiyimlarga imkon qadar kamroq mato sarflashi mumkin, natijada kiyim inson qomatiga to‘la mos tushmasligi mumkin.

2. Kir yuvish asoslarini o‘rganing

Etiketka haqidagi ma’lumotni unutmang. Har bir kiyimda uni qanday haroratli suvda yuvish va dazmollashga doir ko‘rsatmalar bor.

Kir yuvish kukunini haddan ortiq qo‘llamang, uning ortiqchasi choklarda qoladi.

Kiyimning dog‘ joylarini haddan tashqari ko‘p ishqalamang, bu kirning matoga yanada singib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Kirlarni hadeb mashinada quritavermang. Paxta matoli kiyimlar muntazam ravishda mashinada quritilsa, yoriqlar va titiqlar hosil bo‘ladi.

Kir yuvish oldidan ularni nafaqat rangi, balki mato turi bo‘yicha ham ajrating. Og‘ir matoli kiyimlarni yupqa futbolkalar va ich kiyimlar bilan birga yuvmang.


3. To‘g‘ri uskunalar bilan jihozlaning

Masalan, yaxshi ilgichlar bilan jihozlaning (bu ayniqsa shimlar va yubkalarga talluqli), shunda siz kiyimlarni hadeb dazmollayvermaysiz.

Kiyimlar to‘g‘ri saqlansa, ularning ko‘rinishi ancha vaqtgacha o‘z jilosini yo‘qotmaydi. Masalan, kiyimlarga mo‘ljallangan yopinchiqlar ularda g‘ijimlar paydo bo‘lishining oldini oladi.

Kir yuvish vaqtida maxsus rezina sharchalaridan foydalaning. Ular kiyimlarning titilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Agar siz avtomatik quritgichdan foydalansangiz, unga kiyimlar bilan birga quruq sochiq ham qo‘shib tashlang: U kiyimlardagi namning ma’lum bir qismini tortib oladi va kirlar tezroq quriydi.

4. Qanday matolarga alohida parvarish kerak?

Kashemir


Kashemir kiyimlarni qo‘lda yuvgan ma’qul (mashinadagi delikat yuvish rejimi ham to‘g‘ri keladi). Bunday kiyimlarni iliq suvda, me’yoriy miqdordagi kir yuvish kukuni bilan yuvish kerak. Shundan keyin ularni chayib tashlang, ehtiyotkorlik bilan siqing va gorizontal holatda quriting.

Ipak

Ipak matoli kiyimlarni qo‘lda sovuq suvda yoki delikat rejimda yuvgan maqsadga muvofiq. Mashinada yuvayotgan bo‘lsangiz, ipak matoli kiyimlarni yuvish qopchasiga soling, shunda ular boshqa kirlarga qo‘shilib ketmaydi. Ipak kiyimlarni suvda 30 daqiqadan ortiq qoldirmang. Ularni ilgichda ham, gorizontal holatda ham quritsa bo‘ladi.

Ishlov berilmagan denim

Ishlov berilmagan denim (Livay Stross ilk marta klassik jinsi tikkan qo‘pol, zich mato) ham maxsus parvarishni talab qiladi. U ishlab chiqarish jarayonida issiq suvda yuvilmaydi, shu bois yorqin rangini saqlab qoladi, bir necha marta kiyilganidan keyin esa tana rangiga kiradi. Bunday matoli jinsini yuvish tavsiya qilinmaydi. Ularni odatda muzlatishni maslahat berishadi. Bu, albatta, kir va bakteriyalarni ketkazmaydi, lekin yoqimsiz hiddan xalos qiladi.

Yaxshisi, faqat kir tekkan joylariga ishlov berib, jinsi matoga antibakterial sprey purkash kerak. Ularni taxminan yarim yil kiyilganidan keyin teskarisi o‘girilgan holda, qo‘lda iliq suvda yuvish mumkin.


Teglar: kir yuvish