Ko‘pchilik mikroto‘lqinli nurlanish sog‘liq uchun xavfsiz ekaniga shubha qiladi. "Layfxaker" bunday qo‘rquv qanchalik asosli ekaniga oid surishtiruv ishlarini o‘tkazib, bu boradagi ma’lumotlari bilan bo‘lishdi.
1. Mikroto‘lqinli pechda taom tayyorlash mahsulotlaridagi ozuqaviy moddalar miqdorini kamaytiradi
Mahsulotlarni yengilgina qayta ishlash, shu jumladan isitish va sovutish ularning jismoniy xususiyatlari, kimyoviy tarkibi va ozuqaviy qiymatining o‘zgarishiga olib keladi. Mikroto‘lqinli pechda tayyorlangan taom faqat haddan ziyod yuqori harorat yoki uzoq vaqt ushlangandagina ko‘p ozuqaviy moddalarini yo‘qotadi. Vaqt va haroratning o‘zaro mutanosibligi oziq-ovqat mahsulotlarining foydasi va ta’mi saqlanib qolishiga yordam beradi.
Mikroto‘lqinli pechda taom tayyorlash sog‘liq uchun foydali vitaminlar va boshqa moddalar miqdorini kamaytirmaydi. Mahsulotlar tezroq pishgani tufayli ularda hatto kimyoviy moddalar, polifenollar va aksiloksidantlar yaxshiroq saqlanib qoladi.
Odatda issiqlik bilan qayta ishlashda mahsulotlarda hammasidan ko‘p S vitamini buziladi. Biroq bu asosan qaynatish jarayoniga tegishli, chunki suvda eruvchan ozuqaviy moddalar suv qaynaganda osonlikcha yuvilib ketadi. Mikroto‘lqinli pechda bu vitamin suvga nisbatan kamroq yo‘qoladi.
Shuningdek tadqiqotchilar mikroto‘lqinli pech, bug‘ va tezpishar qozon (skorovarka)da sabzavotlar (karam, sabzi, gulkaram, ismaloq)ning tayyorlanishini taqqoslashdi. Ma’lum bo‘lishicha, tezpishar qozonda tayyorlangan sabzavotlar ichak uchun foydali erimaydigan ozuqa to‘qimalarini mikroto‘lqinli pech va bug‘da tayyorlangan sabzavotlarga nisbatan ko‘proq yo‘qotgan.
2. Mikroto‘lqinli pechda tayyorlangan mahsulotlar saraton kasalligini keltirib chiqaradi
Hozirda eng yaxshi o‘rganilgan kantserogenlardan biri geterotsiklik aromatik aminlar (HCA) hisoblanadi. Ular issiqlik bilan qayta ishlanganda oqsilga boy mahsulotlarda (masalan, baliq va go‘shtda) hosil bo‘ladi, ayniqsa ular yuqori haroratda tayyorlanganda.
Issiqlik bilan qayta ishlash HCA hosil bo‘lishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, tova yoki duxovkada tayyorlangan tovuqqa nisbatan mikroto‘lqinli pechda tayyorlangan tovuqda ko‘proq HCA hosil bo‘ladi. Biroq muntazam ravishda mikroto‘lqinli pechda tayyorlangan tovuqni iste’mol qilish saraton kasalligini keltirib chiqarishiga doir hech qanday tasdiq yo‘q.
Mikroto‘lqinli pechda tayyor taomni muzlatish yoki isitish umuman bu kantserogenning hosil bo‘lishiga olib kelmaydi.
3. Plastik idish mikroto‘lqinli pechda isitilganda sog‘liqqa ziyon yetkazadi
Taomlar plastik idishda mikroto‘lqinli pechda isitilganda palstikdagi ba’zi kimyoviy moddalar taomga tushishi va saraton rivojlanish xavfini oshirishi mumkin. Biroq bugungi kunda aksariyat plastik idishlar yuqori haroratga chidamli qilib maxsus ishlab chiqarilmoqda. Bunday idishlarda u mikroto‘lqinli pechda foydalanish uchun yaroqli ekaniga ishora qiluvchi belgi bo‘ladi. Bunday plastik taom sifatiga ziyon yetkazish ehtimoli - minimal darajada.
4. Mikroto‘lqinli pechda qayta ishlash zararli bakteriyalarni o‘ldiradi
Har qanday issiqlik bilan qayta ishlash ovqatdan zaharlanish xavfini sezilarli darajada pasaytiradi. Faqat muammo shundaki, mahsulotlarni mikroto‘lqinli pechda isitishda harorat teng taqsimlanmaydi. Pechdan ovqatni olganda, ba’zi joylari isigan, ba’zilari esa isimagan bo‘lishini sezgandirsiz, hoynahoy. Bu zaharlanish xavfini oshiradi. Shuning uchun mikroto‘lqinli pechda taom isitayotganda uni aralashtirib turishni unutmang, shunda taom bir xil isiydi.
60 darajadan yuqori haroratda zaharlanishni keltirib chiqaruvchi aksariyat bakteriyalar halok bo‘ladi. Ular ishlab chiqaruvchi toksinlar esa yuqori haroratlarga ko‘proq chidamli. Ular hatto isitilgandan keyin ham mahsulotlarda qolishi mumkin.
Shunday ekan, mikroto‘lqinli pechda qayta ishlash sehrli tarzda bakteriyalarni o‘ldirib, buzilgan ovqatni xavfsizga aylantirishiga umid qilmang. Oziq-ovqat mahsulotlari aynidimi, sog‘lig‘ingizni xavf ostiga qo‘ymay, uni iste’mol qilishdan saqlaning.