Tish qanday tozalanadi?
- Muallif: Malika
- Toifa: Go'zallik va salomatlik
- 2015-09-21 15:05:08
- 0
- 0
- 9325
Do‘konlarda yuz xilga yaqin tish yuvish pastalari, o‘nlab turdagi tish cho‘tkalari bor. Shifokorlar bergan ma’lumotga qaraganda, ulardan naf kam. Negaki, yoshi oltmishdan oshganlarning 18 foizida umuman tish yo‘q, o‘smirlarning 40 foizi esa parodonta va karies xastaliklariga chalingan. Bundan shunday xulosa chiqadi: tish cho‘tka va pasta ishlab chiqaruvchilarning aksariyati reklamaga zo‘r berib, xaridorlarni bemalol aldaydi.
— Shu sababli reklamalarga u qadar ishonib qolmaslik kerak, — deb hisoblaydi Stomatologiya ilmiy-tadqiqot instituti shifokori O.Popovkina. — Masalan, "shifobaxsh pasta” degan yozuvlar yolg‘onning aynan o‘zidir. Gohida pasta tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan, bolalarga bemalol ishlatsa bo‘ladi, deb yozishadi. Bu ham yolg‘on. Umuman, tabiiy pastalar ishlab chiqarilmaydi. Agar konservant qo‘shilmasa, u darrov aynib qoladi. Bunday pastalarni faqat muzxonada saqlashga to‘g‘ri keladi. Bolalar yutib yuborganda salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan pastalar ham yo‘q. Shu bois, bunday kimyoviy moddalardan bolalarni ehtiyot bo‘lishga o‘rgating.
Tish pastasi tarkibini sinchiklab o‘qing. Masalan, "xlorid olova” degan yozuvdan qo‘rqib ketmang. Bunday birikmali modda tishning qattiq qatlami sezuvchanligini kamaytiradi, nuqul reklama qilinayotgan "triklozan”ga qaraganda bakteriyalarni samaraliroq bartaraf qiladi. Biroq shuni unutmangki, bakteriyaga qarshi moddalar qo‘shilgan pastalarni tanaffussiz uch haftadan ortiq ishlatmang. Aks holda zararli bakteriyalar bilan birga foydalilari ham qirilib ketadi va disbakterioz boshlanadi. Fitin kislotasi tishning qorayishi oldini oladi, tosh hosil bo‘lish xavfini kamaytiradi. Ftorid natriy esa tishning emal qatlami tiklanishiga yordam beradi, kariesning oldini oladi.
"Bu pasta tishni oqartiradi”, degan yozuvga ham ishonmang. Aslida tishni oqartirish uzoq davom etadigan muolaja bo‘lib, u stomatolog-shifokor yordamida amalga oshiriladi. Bunda shifokor tish emal qatlamini qisman yemiradigan kislotalardan foydalanadi. Tish bu usulda tozalangandan so‘ng muayyan vaqt qahva, choy ichmaslik, oziqli bo‘yoqlar ishlatilgan taomlarni yemaslik kerak, aks holda, tish tez qorayadi. Pastalar esa tishni oqartirmaydi, faqat tarkibida vodorod perekisi bo‘lgani uchun choy, qahva ichilgani va tamaki chekilganidan so‘ng tishlarning tashqi tomonini yaltiratadi. Tarkibida ohak, soda, dikaltsiy fosfat, alyuminiy, kremniy va boshqa abrazivlar bo‘lgan pastalar bilan esa tishni haftasiga faqat bir martagina yuvish kerak, xolos. Aks holda, tishning emal qatlami yemirilib, og‘riqli joylar hosil bo‘ladi. Pastaning abrazivlik indeksiga e’tibor bering: uning eng yuqori darajasi 200 dan oshmasligi kerak.
Tish cho‘tkalari ham doimo mukammallashib bormoqda. Biroq ular har qancha yangilanmasin, asosiy talablar o‘zgarmaydi: cho‘tka qattiq bo‘lmasligi kerak. Uning cho‘tkali qismi qancha ixcham bo‘lsa, og‘iz bo‘shlig‘ida harakati ham shu qadar qulay bo‘ladi. Tish cho‘tkangiz cho‘tkalari egiladigan bo‘lib qolgach uni, albatta, yangilang. Yaxshisi har uch oyda boshqa cho‘tka ishlatgan ma’qul. Ko‘pchilik pasta bilan tish yuvayotganda atigi 40 soniya vaqt sarflaydi, aslida shifokorlar tishni ikki daqiqa davomida yuvib tozalashni maslahat beradi.