Bir chimdim maslahat


Xonadonining suyukli ayollari, tinib-tinchimas bekalar! E’tiboringizga havola etayotgan siz bilgan va bilmagan yoinki nazaringizdan chetda qolgan quyidagi jihatlar sizga ro’zg’orda qo’l keladi, degan umiddamiz.

Yog‘larni saqlash va ulardan foydalanish xususida:

  • Tozalanmagan ba’zi yog’larda cho’kindi bo’lganligi sababli ham ko’tarib olib ishlatish zarur;
  • Yog’ni qayta ishlatadigan bo’lsangiz, suzib oling. Chunki unda ilgari qovurilgan mahsulotlarning qoldiqlari bo’lishi mumkin;
  • Yog’larni mis idishda saqlamang, sifati buziladi;
  • Yog’larni, ayniqsa,sariyog’ va maskayog’ni qorong’i yerda saqlash kerak. Agar yog’ga quyosh nuri ta’sir etsa, unda inson organizmi uchun zararli bo’lgan yog’ kislotasi hosil bo’ladi.

Xamir xususida:

  • Xamir qilinadigan un garchi toza bo’lsa ham elab ishlating. Elanganda unning orasiga havo kirib, xamir yaxshi ko’pchiydi;
  • Qaynoq suvga xamir qorib bo’lmaydi. Chunki qaynoq suv xamirni tirishtirib yoyishni qiyinlashtiradi, shuningdek, g’ozini yo’qotadi. Natijada, xamir yaxshi ko’pchimaydi ham;
  • Xamirni o’z hajmidan 2 barovar katta tog’orada qoring;
  • Xamir qorayotganda suvni birdan qo’shmang, oz-ozdan qo’shsangiz xamir tez qoriladi va yaxshi chiqadi;
  • Xamir maxsulotlarining orqasi tandirda yopishib, tushib qolmasligi uchun yopishdan oldin qizigan tandirning devorlariga namakob seping.

Pichoqlarni saqlash xususida:

  • Pichoqlarni vilka qoshiqlar bilan birga saqlamang, aks holda tez o’tmaslashib qoladi;
  • Piyoz va baliq kesilgan pichoqning hidini ketkazish uchun issiq suvda yuvib, quruq tuz bilan yaxshilab ishqalang.

Idishlarni toza saqlash xususida:

  • Toza yuvilmagan idish nafaqat taomning sifatini buzadi, balki sog’liqqa ham zarar yetkazishi mumkin;
  • Ovqat suzishdan oldin idishlarni qaynoq suvda bir bor yuvib oling. Chunki odatda, idishlarni maxsus kukunlaridan foydalangan holda yuvamiz. Idish-tovoqlardan tozalash kukunlarining hidi kelib qolishi yoki toza yuvilgan idishlarga ham chang qo’ngan bo’lishi mumkin;
  • Idish yuvganda suvga bir oz tuz yoki non soda solinsa, idishning kiri tez ketadi.

Ovqat nega kuyadi?

  • Olovning balanligidan;
  • Qozonda yaxshi tozalanmagan bo’lsa, ya’ni eski ovqatning qoldiqlari qolgan bo’lsa;
  • Ba’zan idishning yupqaligidan;
  • Kuyish masaliqning hususiyatiga ham bog’liq.

Va boshqa maslahatlar:

  • Go’shtli va yog’li taomlardan so’ng sovuq suv ichmang. Shifokorlarning fikriga ko’ra, bu gastrit va ichak yarasi kabi kasalliklarni chaqiradi;
  • Jigar va jigardan pishiriladigan taomlarga tuzni juda kam miqdorda solgan ma’qul. Aks holda jigar qattiq bo’lib qolishi mumkin;
  • Oshdan tosh chiqishiga ba’zan tuz sababchi bo’lishi, tuz bilan birga mayda toshlar tushishi mumkin. Shuning uchun taom pishirayotganda tuzini eritib, ya’ni namakob qilib ovqatga quygan ma’qul.