Turli dog‘larni ketkazish sirlari
Ba’zan sevimli buyumlarimiz yoki kiyim-kechaklarimizga o‘zimiz bilmagan holda dog‘ tushirib qo‘yamiz. Ko‘p hollarda ularni to‘g‘ri tozalash yo‘lini bilmay, ketkaza olmaymiz, natijada sevimli ashyolarimiz yaroqsiz holga kelib qoladi. Biroq quyida keltirib o‘tadigan tavsiyalarimiz orqali siz har qanday dog‘dan xalos bo‘lish usullaridan boxabar bo‘lasiz.
Yelim dog‘ini atsetonga botirilgan paxta yordamida ketkazish mumkin. Dog‘ qanchalik yangi bo‘lsa, shuncha yaxshi. Dog‘ o‘rnini yaxshilab ishqalang.
Yod dog‘idan qutulish uchun o‘sha joyni namlang va ustiga kraxmal sepib, bir necha daqiqaga qoldiring, so‘ng chayib tashlang. Dog‘ to‘liq yo‘qolguniga qadar jarayonni takrorlayvering.
Kiyimda atir izi qolgan bo‘lsa, uni idish-tovoq yuvish vositasida yordamida tozalash mumkin. Buning uchun yarim choy qoshiq vositani yarim stakanda qaynoq suvda eriting. Hosil bo‘lgan eritma dog‘ o‘rniga tomozing va 10—15 daqiqa kuting, shundan so‘ng sovuq suvda chayib tashlang.
Qon dog‘ini sovuq suvda osongina ketkazish mumkin. Biroq dog‘ ancha oldingi bo‘lsa, unga 15 daqiqaga nashatir spirti suring, so‘ng sovun bilan yuvib tashlang.
Lab bo‘yog‘idan qolgan izni atseton yoki spirtga botirilgan paxta bilan arting, shunda u darhol yo‘qoladi.
Kiyimga moybo‘yoq tegsa, uni shu zahoti kungaboqar yog‘i yordamida tozalash mumkin. Eski dog‘ bo‘lsa, u holda kir joyga margarin surib, 20 daqiqaga qoldiring. So‘ng dog‘ni benzin bilan ishqalang va buyumni yuvib tashlang.
Buyumga sharbat to‘kilib, dog‘ qolgan bo‘lsa, o‘sha joyga bir necha tomchi limon suvidan tomizing va ustiga tuz sepib qo‘ying. Qurib qolgach, dog‘dan asar ham qolmaydi.