Qovurma chuchvara

  • 2015-09-25 15:32:36
  • 2
  • 0
  • 28408

Masalliqlar

  • mol go'shti - 400 gr
  • piyoz - 4 dona
  • kungaboqar yog'i - 500 gr
  • un - 500 gr
  • tuxum - 1 dona
  • suv - 1 stakan
  • tuz - 1 bir chimdim
  • tuyilgan qora murch - 1 ta'bga ko'ra
  • margarin - 75 gr

Tayyorlash usuli

Demak, ushbu taomni eng avvalo xamir tayyorlashdan boshlaymiz.

Buning uchun, idishga tuxumni chaqamiz va unga iliq namakob suvi bilan oldindan eritilgan margarinni solib aralashtiramiz.

So‘ng oz-ozdan un qo‘shib, o‘rtacha qattiqlikda xamir qoramiz. Qorilgan tayyor xamirni 20-25 daqiqaga tindirishga bir chetga olib qo‘yamiz. Ungacha esa chuchvaralarning qiymasini tayyorlashni boshlasak ham bo‘ladi.

Mol go‘shti (yoki qo‘y go‘shti) va piyozlarni go‘sht qiymalagichning mayda reshyotkasidan chiqarib olamiz. So‘ng qiymaga ta’bga ko‘ra, tuz va murch solib, yaxshilab qo‘lda aralashtirgan holda mijiymiz. Shunda qiyma nisbatan mayin chiqadi.

Endilikda esa, qiymani tovada qizib turgan yog‘da jazlab olib, laganga yoyib, sovutishga qo‘ying.

Qiymamiz sovugunicha xamirni yoyishga o‘tamiz. "Qovurma chuchvara"ning xamiri ham xuddi oddiy chuchvaranikiga o‘xshab yupqa qilib yoyiladi. Faqat yoymadan 5x5x5 sm li jildlar maxsus (to‘lqinli) g‘ildirakli pichoqda kesib chiqiladi. Kesilgan har bir jildga tayyor qiymadan solib chiroyli chuchvaralarni tugamiz. Chuchvaralarni tugishda, xamirni bir-biriga yaxshilab yopishtiring. Agar chuchvaralar nomiga yopishtirilgan bo‘lsa, qovurish jarayonida ular titilib ketadi.

Navbat chuchvaralarni qovurishga yetib keldi. Qozonga yog‘ solib, qizigandan keyin oz-ozdan chuchvaralarni qizg‘ish rangga kirguncha hamma tomonidan qovurib olamiz. Laganga tortishda chuchvaralarn chovlida yog‘ini yaxshilab sirqitib oling. Yoki qog‘ozli salfetkalar ustiga qo‘yib chiqing. Shunda ularning ortiqcha yog‘idan xalos bo‘lasiz.

Dasturxonga tarelkalarga qo‘yib tortsangiz bo‘ldi. Eng muhimi bu taomni nafaqat issiq holida balki sovuganidan keyin ham bemalol iste’mol qilsangiz bo‘ladi.