Tayyorlash usuli
Margaritka juda ajoyib pishiriq. Pahlavaning bo’laklarga bo’linib tayyorlangan turi deyishimiz ham mumkin. O’zingiz tayyorlab ko’ring va mazasiga baho bering.
Stol ustiga yoki kattaroq idishga un yoyiladi va margarin qirg’ichdan chiqariladi. Pichoqda margarin va un aralashtirilib yaxshilab qorishtiriladi. Margarin uvoq bo’lib qorishgandan so’ng tuxum sarig’i ,smetana va chimdim soda, vanilin solinib yana pichoqda qorishtirishda davom etiladi. Hamir holiga kelganida hamir usti yopilib muzlatgichga 2 soat tindiriladi.
Muzlatgichdan hamir olinib, 6 bo’lakga bo’linadi va yana yarim soat muzlatgichga qo’yiladi. Hamir muzlatgichdaligi paytida tuxum oqi ko’pirtirilib 1 st shakar solinadi va beze massa hosil qilinadi.
1 ta hamir bo’lagini muzlatgichdan olib o’rtacha yupqalikda yoyiladi (tahminan 0,5-1 cm qalinlikda) va beze massa 2-3 osh qoshiq solinadi ( hamirni qoplashi kerak). Beze massa ustidan yong’oq (maydaroq bo’laklarga bo’lgan ma’qul) va magiz sepiladi.
Hamir o’ralib , bo’laklar kesiladi ( 4-5 cm qalinlikdagi bo’laklar hosil qilinadi).
Yog’langan listga yoki pishiriq qog’ozi qo’yilgan listga Margaritkalar teriladi va o’rta olovda (180C/ 350F) 25-30 daqiqa yoki pushti rangga kelguncha pishirib olinadi.
1 osh qoshiq asalga ozgina saryog’ solib sirop tayyorlanadi va Margaritkalar pishib chiqanidan so’ng surilib yana 2-3 daqiqa gaz duxovkasiga qo’yiladi. ( Margaritkalar usti yaltillashi uchun).