Agarda ovqat achchiq bo'lib qolsa...
- Muallif: Karimova Diyora Baxtiyor qizi
- Toifa: Oshxona va ovqatlanish
- 2015-10-22 11:00:18
- 0
- 0
- 8867
Har doim bo'lmasa-da, ba'zan o'zimiz bilmagan holda tayyorlayotgan taomimizga qalampirni ko'p qo'shib yuborish oqibatida ovqatimiz haddan tashqari achchiq bo'lib ketadi. Shunday hollarda nima qilish kerak?
Barcha achchiq qalampirlarning achchiqlik xususiyati bir xilda bo'lmaydi va uni ovqatga qancha miqdorda qo'shishni aniqlash osonmas. Kutilmaganda ovqat tarkibidagi qalampirning achchiq ta'mi ovqatni buzib qo'yishi mumkin. Yoki bo'lmasa, o'ta achchiq bo'lib ketgan taomni og'zingizga solgan paytingizda uning achchiqligidan ko'zlaringizdan yosh chiqib ketdi. Ana shunday paytlarda quyidagi maslahatlarimiz asqotishi mumkin.
1-usul
Qanday taom achchiq bo'lib qolishidan qat'i nazar, uning achchiqligini kamaytirish uchun ovqat tarkibidagi masalliq miqdorini ko'paytirishingiz mumkin. Masalan, sho'rva bo'lsa, ko'proq bulon qo'shing, mastava bo'lsa, guruchni ko'paytiring.
2-usul
Sut va sut mahsulotlari og'izdagi achchiq qalampir ta'mini tez yo'qotadi. Agar o'ta achchiq narsa yeb olgan bo'lsangiz, suv ichmang. Eng yaxshisi, sut iching. Yogurt va smetana ham qalampir zahridan “kuyayotgan til”ga yordam beradi.
3-usul
Kislotalar ham achchiq ta'mni pasaytiradi. Uksus, limon kislotalari achchiq bo'lib qolgan ovqatning ta'mini me'yorlashtiradi.
4-usul
Shakar ham achchiqni yaxshi kesadi, ayniqsa kislota bilan birgalikda. Agar tayyorlagan tomatli sousingiz o'ta achchiq bo'lib qolsa, bir qoshiq shakar va bir tomchi uksus yordamga keladi.
Yana bir maslahat. Agarda achchiq qalampirni to'g'raganingizdan so'ng tasodifan yuzingiz yoki ko'zingizni ishqalab yuborsangiz, qalampir tekkan joyingizni sut bilan yuving. Imkon bo'lsa, achchiq qalampir to'g'rayotganingizda qo'lingizga yupqa rezina qo'lqop taqib oling. Agar qo'lqop bo'lmasa, qo'lingizga o'simlik moyidan surtib oling.
Manbaa