O‘SMALAR QO‘YSAM YARASHAR QOSHIMGA…
- Muallif: Malika
- Toifa: Go'zallik va salomatlik
- 2015-10-22 11:42:10
- 0
- 0
- 21595
Bugungi sahifamiz dunyoga ibosi, husnu malohati bilan mashhur bo‘lgan Sharq ayollarining pardoz borasida doimiy yordamchilari, ham go‘zallik, ham salomatlik garovi bo‘lgan tabiiy bo‘yoqlar: xina, basma, o‘sma haqida…
Xina haqida bilgan, bilmaganlarimiz…
Xina asli lavsoniya nomli, Misr, Hindiston va Sudanda o‘sadigan o‘simlik barglaridan olinadigan bo‘yoq hisoblanadi. Ming yillardan beri go‘zal xonimlarning sevimli bo‘yog‘i bo‘lgan xina Osiyo davlatlarida soch bo‘yash va parvarishlashda, atir tayyorlashda, Mendi (tanada turli naqshlar chizish) san'atida foydalanib kelinmoqda. Hayit kunlari o‘zbek xotin-qizlari, kelinchaklarimiz ham ushbu bo‘yoq bilan qo‘l va oyoqlariga turli naqshlar berishi an'anaga aylanib qolgan.
Xalq tabobatida…
Bu o‘simlik tabobatda yaralar, turli teri yallig‘lanishlari, bosh va suyaklardagi og‘riqlarni to‘xtatishda qo‘llanilgan. Hofiz al-Hayyum yozishicha, xina bilan og‘iz chayish og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari jumladan, stomatit, til, lunj, lab yaralarida juda foydali ekan. Agar shikastlangan tirnoqqa xina va sirka aralashtirib sursangiz, uni mustahkamlab, avvalgi holiga qaytaradi. Xinaning hidi bosh og‘rig‘idan xalos etib, organizmni kuch-quvvat bilan to‘ldirar ekan.
Sochingiz sog‘lom bo‘lishini istaysizmi?!
Xina sochdagi proteinlar bilan kirishib, sinuvchan sochlarni sog‘lom, qayishqoq va jilokor qiladi.U yuqori antibakterial xususiyati sababli bosh terisi kasalliklari (toshma, qazg‘oq, qichish) ni davolaydi. Xina soch rangini mutlaq o‘zgartira olmaydi, balki unga biroz qizg‘ishroq va missimon rang beradi. Xina asosan jigarrang soch sohibalariga mos tushadi. Soch ildizlarini mustahkamlab, quyuqlashtiradigan damlama: 2 stakan xina kukunini 1 l qaynagan suvda damlang. Sovugach, toza sochlarni unda chaying, bu damlamadan soch rangi xiralashganda ham foydalansa bo‘ladi.
Basma
Tarkibida xina kabi bosh terisi va sochlarga ijobiy ta'sir ko‘rsatadigan foydali moddalar va vitaminlar mavjud. Ammo bo‘yoq sifatida xinadan ayri holda foydalanish tavsiya etilmaydi. Bunda mos ravishda 3:1 basma va xina qo‘shiladi. Oqargan sochlarni ikki bosqichda avval xina, so‘ng basma bilan bo‘yash lozim. Sochni jilokor, sog‘lom qiladigan basmali niqob: 1 osh qoshiqdan o‘simlik yog‘i, basma, kakao, nordon sut,1 dona tuxum sarig‘i, 6 shoda chinnigul, 6 tomchi yog‘simon A vitamini. Barchasini aralashtirib toza, nam sochlarga suramiz va uch soatga o‘rab qo‘yamiz.
O‘sma
Xonimlarning yana bir sevimli bo‘yog‘i o‘sma sharbati, biroz so‘litilgan barglardan siqib, qosh, kiprik, qovoqlarga bezak berish bilan birga ularni qalinlashtirib, tim qora qiladi. Bundan tashqari, ko‘zdagi turli infeksiyalarni o‘ldirib, uni ravshanlashtiradi. O‘sma qo‘yish ko‘p mamlakatlarda an'anaga aylanib qolgan. Masalan, uyg‘urlarda yangi tug‘ilgan qizaloqlarga yetti kunlik bo‘lgandan boshlab, qoshlari o‘rtasini birlashtirib o‘sma qo‘yishar ekan. Bunda qizaloq katta bo‘lgach, ota-onasiga yaqin joyga turmushga chiqsin degan ma'no bor ekan. Xalqimizda ham azal-azaldan mitti qizaloqlardan tortib, momolarimizgacha qoshu ko‘zlariga o‘sma qo‘yib o‘zlariga oro berishadi.
Soch parvarishida ham qo‘llasa bo‘ladimi?
Bunda asosan o‘sma yog‘idan foydalaniladi. O‘sma yog‘i bo‘yash xususiyatiga ega bo‘lmay, yo‘qotilgan sochlarni tiklash, o‘sish jarayonini tezlashtirish maqsadida qo‘llaniladi.
Soch to‘kilishiga qarshi o‘smali niqob: 1/2 stakan nordon sutga 1-2 osh qoshiq o‘sma sharbati qo‘shib aralashtiramiz. Sochga surib, polietilen paket bilan o‘raymiz va 30 daqiqaga qoldiramiz.