LAB BO‘YOG‘I HUSNNI BUZADIMI?
- Muallif: Malika
- Toifa: Go'zallik va salomatlik
- 2015-10-22 12:00:27
- 0
- 0
- 8367
Har bir xonim ko‘chaga otlanar ekan, albatta, ko‘zgu qarshisida yuz-ko‘zini «tartibga keltirib» — pardoz qilib oladi. Mabodo pardozni xushlamasangiz ham, hech bo‘lmasa lab bo‘yog‘idan foydalanishingiz tabiiy. Pardozning asosiy buyumlaridan biri bo‘lgan lab bo‘yog‘ini tanlayotganda nimalarga e'tibor qaratasiz?
Lab bo‘yog‘i: yorqin — shaftoli, apelsin, qizg‘ish-sariq; ko‘zga tashlanmaydigan — pushti; neytral — sarg‘ish, malla va tuproqning tabiiy rangiga mos keluvchi tusdagi ranglarga bo‘linadi.
Tuslar o‘ta yorqin, o‘rtacha va to‘q toifalarga ajratiladi. Ulardan birini tanlayotganingizda ko‘zlaringiz, yuz teringiz, sochlar va tishlaringiz rangi, lablar o‘lchami, yoshingiz hamda kunning qaysi payti, chiroqlarni hisobga olishingiz zarur.
Kulrang ko‘z sohibalari…
…tiniq sarg‘ish va olcha, moviy ko‘zli go‘zallar esa sarg‘ish-pushti, gilos, ko‘zlari zumradni aks ettirgan xonimlar esa terrakota (qizilning malla tusi va tuproq rangi), qizg‘ish-apelsin tusdagi, jigarrang ko‘z sohibalari malla, yorqin qizg‘ish, och pushti tusdagi lab bo‘yoqlarini xarid qilishlari mumkin.
Agar teri rangi
…qoramag‘iz bo‘lsa, shokolad, vino, qizil, olcha ranglari va ularning ko‘zga tashlanmaydigan tuslari, oppog‘oylarga sarg‘ish, yorqin qizg‘ish-sariq, yorqin pushti tuslar mos keladi. Neytral toifadagi lab bo‘yoqlari ham yorqin, ham odmi rangdagi liboslarga mos keladi.
Lablar o‘lchami
Yorqin rangli bo‘yoqlar lablarni qalinroq qilib ko‘rsatadi. To‘q ranglari aksincha. Lablaringiz qalinroq ko‘rinishini istasangiz, uning chetlarini aynan lab bo‘yog‘i rangidagi qalam bilan chizish tavsiya etiladi. Lab bo‘yog‘i kosmetik mo‘yqalam yordamida suriladi, labning o‘rta qismi esa suyuq, yaltiroq bo‘yoq bilan ajratiladi. Agar lablaringiz qalin bo‘lsa, e'tiborni tortmaydigan, oqshomlar uchun esa yaltiroq lab bo‘yog‘ini tanlang.
Sochlar
Mallasoch, terisi oq va ko‘zlari moviy rangli bo‘lgan ayollarga pushti rangga yaqin, olxo‘ri rangli va qizg‘ish tusli, ko‘zlari jigarrang, mallasochlarga pushti va qizil rang yarashadi. Sariq sochli xonimlarga olxo‘ri, malla, qizg‘ish ranglar mos. Teri rangi och, ko‘zlari esa kulrang yoki moviy, qora sochli xonimlar klassik alvon yoki och binafsha rangga yaqin tusni, qoramag‘iz, sochlari ham ko‘zlari kabi tim qora xonimlar olcha, shokolad, apelsin va to‘q qizil rangli lab bo‘yoqlarini tanlashlari mumkin. O‘rtacha yorqinlikdagi lab bo‘yoqlari barchaga birdek mos keladi.
Oppoq tishlar o‘z sohibasiga ranglar tanlovida erkinlikni tuhfa qiladi
Bunda faqat libos va pardoz rangi hisobga olinsa bas. Sarg‘aygan yoki tilla tishlar esa ehtiyotkorlikni talab qiladi: binafsha va shunga yaqin tuslar, malla, to‘q-qizil ranglardan voz kechilgani ma'qul. Sariqqa moyil, yorqin qizil, tiniq pushti ranglar pardoz bilan birga o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etadi.
Shuningdek…
Bo‘y qizlar yorqin ranglarni, yosh ayollar to‘yingan ranglarni (albatta, kunning qaysi paytligini hisobga olib), katta yoshli ayollar esa to‘q ranglarni tanlaganlari ma'qul. Ko‘zga tashlanmaydigan ranglar ajinlarni yashiradi.