Yoshingizga yosh qo‘shmang yoxud to‘g‘ri makiyaj qilish sirlari


Ko‘pgina ayollar pardoz qi­layotganda kichik xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Bu kamchiliklar ularning yoshini bir necha yilga «qaritish»ga qodir ekanligini esa xayollariga ham keltirishmaydi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun quyidagi xatolarni takrorlamang!

1-xato. Qalin krem qavatidan iborat «niqob» hali hech kimni go‘zal qilgan emas. Lekin yoshga yosh qo‘shishi tayin. Shu bois tonal kremni chalpillatib, qavat-qavat surtishdan yiroq bo‘ling. Pardoz qilayotganda namlantiruvchi tonal kremlardan foydalanishni maslahat beramiz.

2-xato. O‘z teringiz rangidan och tusli «ton»dan voz keching. Yuzdagi pigment dog‘lari, qora teshikchalar, ko‘­rinib turgan tomirlarni «oppoq niqob» ostiga yashirishga urinmang. Tabiiylikni xohlasangiz, tonal krem va upaning teringiz rangidan to‘qrog‘ini tanlang.

3-xato. Upadan foydalanganda ham me'yorni saqlash lozim. Upa momig‘ini yuzingizga yengil bostiring, shunda yaltiroq tusni yo‘­qotgan bo‘lasiz va yuzingizning tiniqligiga erishasiz. Bilsangiz agar, yuzning yaltirab turishi sizni yoshartirib, o‘zgalar nigohini teridagi ajin va boshqa nuqsonlardan «chalg‘itish»ga yordam beradi. Upa surtilgan yuz terisi quruqlashgan va sho‘ralagandek ko‘­rinish beradi. Suratga tushayotgan bo‘lsangiz, upani obdon surtishingiz mumkin.

4-xato. Qizil yugurgan yonoqlar ayol husniga husn qo‘shadi. Ammo ayrim xotin-qizlar bu borada chegaradan chiqib ketishadi. Jigar, to‘q pushti, qip-qizil rumya­nalarni «chaplab», masxarabozga o‘xshab qolayotganligini tasavvur ham qilisholmaydi. Bunday tuslar yuzga xo‘mrayganlik, badqovoqlik hissini beradi. Bunda nigoh ham og‘irdek tuyuladi. Och pushti, shaftoli rang rumyana tanlasangiz, aslo adashmaysiz.

5-xato. Haddan ziyod och va to‘q rangli lab bo‘yog‘ini ham chetga surib qo‘­ying. Tabiiy ranglarni tanlashga harakat qi­ling. Bunda jilosiz va yaltiroq lab bo‘yog‘i birdek to‘g‘ri keladi.

6-xato. Uzun qayrilma kipriklarga ega bo‘lish uchun tushdan foydalanamiz. Bu yaxshi, lekin har qancha go‘zal bo‘lishga urinmang, pastki kipriklarni bo‘yashni maslahat bermaymiz. Bo‘yalgan pastki kipriklar ko‘z ostidagi xaltachalarni yaqqol ko‘rsatibgina qolmay, yoshingizga kamida 5 yil qo‘shishi turgan gap.

7-xato. Qoshni qop-qora qilib bo‘yash ham ayolni «qaritadi». Agar tabiat sizni quyuq qoshlar bilan «siylamagan» bo‘lsa, yengilgina ten surib qo‘ysangiz kifoya.

Xulosa o‘rnida pardoz-andozning kishi xarakteriga bog‘liq jihatini aytib o‘tsak. To‘g‘ri makiyaj ayolni go‘zal qilibgina qolmay, uning fe'l-atvoridan darak berar ekan. Haddan ziyod ko‘p bo‘yanadigan ayollarda o‘ziga ishonch kamroq bo‘larkan. Faqat ko‘zlarini bo‘yaydigan ayollar e'tiborli, mehribon va aqlli bo‘lishadi. Pardoz-andoz qilayotganda urg‘uni lablariga beradigan ayollar boshqalardan gapga chechanligi, kirishimligi va ta'sirchanligi bilan ajralib turarkan.

Lekin umuman bo‘yanmay yurish ham noto‘g‘ri, ruhshunoslarning aytishicha, bu ayollik, nazokatlilikdan yiroq bo‘lish ekan. Agar pardoz-andoz me'yorida bo‘l­sa, bu husningizga husn qo‘­shadi.


Teglar: maslahat