Avtomobilingiz qishgi mavsumga tayyormi?
- Muallif: Malika
- Toifa: Oila byudjeti
- 2015-11-06 12:09:53
- 0
- 0
- 6790
Shaxsiy avtomobiliga ega kishilar uchun qish — eng murakkab mavsum. Shu bois ayozli kunlarga oldindan hozirlik lozim. Xo‘sh, avtomobil ishqibozlari, “temir toychog‘ingiz” qishga tayyormi? Uni sovuq kunlar kelishidan, havo harorati keskin pasayib ketishidan avval bir sidra tekshirib oldingizmi? Axir o‘zingiz yozgi kiyimlarni javonning tubiga terib, issiqqinalarini shaylab, kiyib ham ulgurdingiz-ku.
Keling, birgalikda avtomobilni qishgi mavsumga tayyorlash bo‘yicha mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan tavsiyalarni o‘qib, nimalarga e’tibor qaratish haqida yana bir bor fikr yuritsak.
Demak, eng avvalo, qish kelishidan oldin avtomobilni to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazib olgan ma’qul. Agarda bunga imkoniyat bo‘lmasa:
G‘ildiraklar. Birinchi navbatda rezina g‘ildiraklarni qishga mo‘ljallangan maxsus shinalarga almashtirish lozim. Chunki past haroratda yozgi shinalar muzlaydi va qotadi. Natijada to‘xtashda avtomobil sirpanishni boshlaydi. Ayrim mutaxassislar hattoki AW va AS(Any Weather – «Har qanday ob-havo» va All Seasons – «Barcha mavsumlar») toifasiga mansub barcha fasllar uchun mo‘ljallangan g‘ildiraklarni ham tavsiya etishmaydi. Ta’kidlanishicha, ular issiq va kam qor yog‘adigan Yevropa mamlakatlari uchun ko‘proq mos keladi. Bizning sharoitda esa Winter (W) («Qish»), M+S (Mud+Snow – «Loy+Qor») toifasiga tegishli g‘ildiraklar ma’qulroq. Bu kabi g‘ildiraklar nisbatan xavfsizroq va qulayroq.
Kuzov. Qish kelishi bilan avtomobil kuzovini turli yemirilishlar (korroziya)dan himoyalash choralarini ko‘rib olish lozim. Masalan, ba’zi mutaxassislar kuzovga mastika (maxsus mumsimon modda) yoki oddiy mum surtishni tavsiya qilishadi. Ko‘pchilik avto ulov ishqibozlari avtomobil ostki qismini qishda yo‘llardagi muzni eritish maqsadida sepilgan va kuzovni yemiruvchi moddalardan tozalab turishadi.
Akkumulyator. Ma’lumki, avtomobil qishda yozga qaraganda ko‘proq energiya sarflaydi. Eski akkumulyatorlar bunday zo‘riqishga dosh bera olmasligi mumkin. Natijada uning quvvati tezda tugab, noqulay holga tushirib qo‘yishi mumkin. Shu sababli qish mavsumi uchun alohida akkumulyator olib qo‘ygan ma’qul.
Sim (provoda) va svechalar. Past harorat va sifatsiz yonilg‘i svechalarni tezda ishdan chiqarishi mumkin. Ularni tekshirish, tozalab turish, zarurat tug‘ilganda esa butunlay almashtirish kerak. Simlar ham qishda muzlashi va namlik ortishi oqibatida shikastlanishi, natijada qisqa tutashuvlar ro‘y berishi mumkin. Shu bois elektr o‘tkazuvchilarni ham muntazam tekshirib turing.
Oynalar. Oyna tozalash uchun mo‘ljallab quyilgan suv imkon qadar muzlamaydigan maxsus suyuqlik bilan almashtirilishi, shuningdek, ulardagi isitish tizimlarining sozligi tekshirilishi lozim. Oyna artgich (dvornik)lar nosozliklari ham o‘z vaqtida bartaraf etilishi zarur.
Tormoz suyuqligi. Noqulay ob-havo sharoitida avtomobil to‘xtash tizimining me’yorida ishlashi o‘ta muhim. Shu sabab ushbu tizimning sozligini, tormoz suyuqligining yangiligi va sifatli ekanini nazorat qilib borish lozim.
Motor moyi. Avvalgi maqolalarimizdan birida motor moyi haqida zarur ma’lumotlarni taqdim etgan edik. Qishga tayyorgarlik ko‘rishda ushbu masalaga yana bir bor diqqat qaratgan ma’qul.
Shuningdek, har oyda bir marotaba eshik qulflari muzlashga qarshi vositalar bilan tozalanib turishi foydadan holi bo‘lmaydi. Bu bilan ham qulflar moylanadi, ham muzlashning oldi olinadi.
Qish faslida turli ko‘ngilsiz holatlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tez tibbiy yordam qutisi, zahira g‘ildirak, qo‘shimcha qo‘lqop, sim arqon (tross), turli hajmdagi kalitlarni shay holatga keltirib qo‘yish maqsadga muvofiq.