Qon bosimining oshishi kasallik belgilari va davo usullari
- Muallif: Malika
- Toifa: Go'zallik va salomatlik
- 2015-11-25 17:50:44
- 0
- 0
- 71497
Oramizda shunday insonlar borki, ular doimo qon bosimining ortishidan yoki tushishidan aziyat chekishadi. Tibbiyotda xafaqon kasalligi deb yuritiladigan ushbu xastalikning kelib chiqishi, davosi haqida so‘z yuritamiz.
Faktlar, raqamlar…
* Yurtimiz aholisining katta yoshli fuqarolari orasida 40 % izida arterial qon bosimining yuqoriligi aniqlanadi;
* Ushbu 40 % insonlardan o‘zlaridagi arterial qon bosimining yuqoriligini 37% erkaklar va 58% ayollar bilishadi.
* Ulardan esa 22% erkaklar va 46% ayollar davolanishadi.
* Muntazam ravishda arterial qon bosimini 5,7% erkaklar va 17,5% ayollargina o‘lchab turishadi.
Ma’lumot o‘rnida…
Arterial gipertoniya kasalligi surunkali kasallik bo‘lib, arterial qon bosimining 139 (sistolik) mm.sim.ust — 89 mm (diastolik)sim.ust.dan baland bo‘lishidir. Organizmdagi umumiy qon hajmi tana vaznining 6-8%ni tashkil qiladi. Masalan: 75 kilogramm vaznga ega bo‘lgan odamlarning qon hajmi 4,5 - 6 litrga teng. Shu tariqa yurak qisqarganda qon qon — tomir devorlari bo‘ylab harakatlanadi. Qonning qon-tomir devorlariga urilishi arterial qon bosimini hosil qiladi.
Xafaqon kasalligi belgilari
Odatda, bu muammodan aziyat chekkan insonlarda kasallik boshida hech qanday o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Ayrim hollarda holsizlik, bosh og‘riq kuzatilishi mumkin. Keyinchalik esa quyidagi belgilar kelib chiqadi:
- Bosh og‘riq — odatda kunning istalgan vaqtida kelib chiqadi. Bosh og‘riq avval ensa sohasida aniqlanib, so‘ngra bosh miyani to‘liq qamrab olishi mumkin. Odatda bosh og‘riq yo‘talganda, boshni egganda, zo‘riqqanda kuchayadi.
- Yurak sohasidagi og‘riqlar-tinchlikda yoki zo‘riqish natijasida kelib chiqadi. Jismoniy zo‘riqishlar og‘riqning kuchayishiga olib kelmaydi. Uzoq davom etishi mumkin.
- Hansirash-kasallik boshida jismoniy zo‘riqishlar natijasida kelib chiqadi. So‘ngra tinchlikda ham kuzatiladi.
- Oyoqlardagi shishlar;
- Ko‘rishning buzilishi.
Xavfli guruhdagilar
Nasliy omillar — yaqinlari orasida shu kasallikka chalingan insonlar bo‘lishi;
Erkak jinsi — ayollarga nisbatan erkaklarda bu kasallik ko‘proq uchraydi. Chunki ayollar qonidagi esterogen gormonlari gipertoniya kasalligi rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Biroq ayollarda menopauza boshlanishi bilan ularning qonida esterogenlar miqdori kamayib ketadi. Natijada gipertoniya kasalligiga chalinish xavfi ortadi;
Tana vaznining ortishi;
Kamharakatlilik;
Spirtli ichimliklar qabul qilish;
Ratsionda tuz miqdorining ko‘p bo‘lishi-kunlik tuz miqdori 4,5 grammdan oshmasligi lozim.
Nomuvofiq balanslashtirilgan oziqlanish — ratsionda hayvon yog‘lari, cho‘chqa va qo‘y go‘shti ko‘p bo‘lishi;
Chekish -tamaki tarkibidagi nikotin arterial qon-tomirlariga salbiy ta’sir qiladi;
Stresslar;
Uxlaganda xurrak otish;
Erkaklarning yoshi 55 yoshdan, ayollar yoshining 65 yoshdan katta bo‘lishi xafaqon kasalligiga moyillikning ortishiga olib keladi;
Qonda xolesterin miqdorining ortishi;
Qandli diabet kasalligiga chalinganlar.
Xafaqon kasalligi
asoratlari
- gipertonik krizlar;
- gemorragik yoki ishemik insultlar;
- miokard infarkti;
- nefroskleroz;
- yurak yetishmovchiligi.
Kasallik sabablari
- Buyraklar kasalligi (glomerulonefrit) ;
- Koarktatsiya - aorta qon tomirining torayishi;
- Feoxromotsitoma (buyrak usti bezi saraton kasalligi).
- Tireotoksikoz (qalqonsimon bez faoliyatining oshib ketishi).
- Kuniga 60 ml.dan ko‘p spirtli ichimliklarni qabul qilish;
- Dori vositalarining nojo‘ya ta’siri- gormonal preparatlar (kontratseptiv vositalar), antidepressantlar, kokain va b.
Kasallik davosi
- chekishdan voz kechish;
- tana vaznini me’yorlashtirish;
- jismoniy faollikni kuchaytirish.
Quyidagi hollarda
zudlik bilan «Tez
yordam»ga murojaat eting:
- To‘sh ortida kuchli og‘riqlar kuzatilsa;
- Hansirashning kuchayib borishi, ayniqsa gorizontal holatda hansirashning juda ham kuchayishi;
- Bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qusish, nutqning, harakatning buzilishi;
- Ko‘rish qobiliyatining pasayishi, ko‘rishning ikkilanishi;
- Qon bosimidagi farq, ya’ni sistolik va diastolik bosim orasidagi farqning qisqarib borishi.
Arterial qon bosimini to‘g‘ri aniqlash tartibi
Arterial qon bosimi ovqatlangandan so‘ng 1-2 soat o‘tgach o‘lchanadi.
Bunda bir soat davomida qahva ichish yoki chekish man etiladi.
Qon bosimi o‘lchanayotgan vaqtda bemor ustida siqib turadigan kiyimlar bo‘lmasligi, qo‘l bo‘shatilgan bo‘lishi, bemor gapirmasligi, xona tinch bo‘lishi lozim.
Qon bosimi o‘lchanishidan oldin dori vositalarini qabul qilmaslik lozim. Jumladan, ko‘zga va burunga tomiziladigan dorilar ham qabul qilinmaydi.
Arterial qon bosimi bir marta o‘lchanmaydi. Ikki marta 3 daqiqalik interval bilan o‘lchanadi.
Qon bosimi avval o‘ng qo‘lda, so‘ng chap qo‘lda o‘lchanadi.
Arterial qon bosimi o‘lchanishidan oldin bemorda ruhiy yoki jismoniy zo‘riqish kuzatilgan bo‘lsa, 30 daqiqalik dam beriladi.
Bemor ko‘chadan kirib kelgan bo‘lsa ham dam olish uchun vaqt beriladi.