Uyda tayyorlangan, zararsiz mayonez


Yangi yil dasturxonini salatlarsiz tasavvur qilib bo‘larmidi? Barchamiz birdek sevib iste’mol qiladigan salatlarimizga albatta, mayonez qo‘shiladi. Ammo, dietolog shifokorlar yangi yilda mayonez iste’mol qilmaslikni maslahat berishadi. Chunki uning tarkibidagi kimyoviy moddalar oshqozonimizga salbiy ta’sir qilar ekan. Parxezda bo’lsangiz-ku, mayonezni tushingizda ko‘rayotgan bo‘lsangiz kerak? Lekin shifokorlar uyda tayyorlangan tabiiy mayonezni iste’mol qilishni taqiqlashmagan. Sizga tabiiy mayonezning bir nechta retseptini taqdim etmoqchimiz.

Olivyedan oling!

1-usul.

Kerakli mahsulotlar: 1 piyola un, 8 qoshiq zaytun yog‘i, 3 qoshiqdan limon suvi va tayyor xantal (горчица), 2 choy qoshiq tuz, yana shuncha shakar va 3 piyola suv.

Tayyorlanishi: Unimizga bir necha qoshiq suv solamiz. Yaxshilab aralashtirilamiz, qumaloq bo‘lishi kerak emas. Qolgan suvni ham solamiz. Olovga qo‘yib, doimiy aralashtirgan holda qaynatamiz. Olovdan olib, sovutamiz. Zaytun yog’ini shakar, xantal, limon suvi va tuz bilan aralashtiramiz. Ko’pirtiramiz. Ko’pirtirish jarayonida oz-ozdan unni qo’shamiz.

2-usul.

Kerakli mahsulotlar: 1 piyola o‘simlik yog‘i, 4 dona tuxum sarig‘i, yarim choy qoshiq shakar va tuz, 250 ml suv va 1 dona limon.

Tayyorlanishi: 2 ta tuxum qaynatib olinadi. Bankaga pishgan, hali issiq tuxum solinadi. 2 ta pishmagan tuxum sarig‘i solinadi. Tuxumlar xona haroratida bo‘lishi kerak. Shakar, tuz, xantal ham solish mumkin. Mikserda bir xil massa hosil bo‘lguncha aralashtiriladi. O‘simlik yog‘i (zaytun yog‘i solsa ham bo’ladi) solinadi. Ozginadan, yarim choy qoshiqdan, solib aralashtirish zarur. So’ng, limon suvini solamiz. Tabga ko’ra suv quyiladi. Quyuq, suyuqligini o‘zingiz tanlab, kamroq yoki bir oz ko‘proq solasiz. Tayyor!

3-usul.

Kerakli mahsulotlar: 2 ta sarimsoq piyoz, 1 ta tuxum, 200 ml zaytun yog‘i va tuz.

Tayyorlanishi: Sarimsoq piyozni tozalab, ikki-uch bo‘lakga bo‘lamiz. Piyozni blenderga solib, tuxum va tuz solamiz. Ketidan, zaytun yog‘i solinadi. Blender ishga kirishsin. Qarabsizki, hammasi tayyor.

4-usul.

Kerakli mahsulotlar: 150 ml sut, 150 ml zaytun yog‘i, quyuqlashtiruvchi qo‘shimcha (ziravorlar sotiladigan rastalarda bor. “Закрепитель” deb nomlanadi) 1 qadoq, tuz, tabga ko‘ra xantal hamda limon suvi.

Tayyorlanishi: Sut va yog‘ni mikserda 2 daqiqa davomida aralashtiramiz. Oxirida, tuz, xantal, limon suvi, quyuqlashtiruvchi qo‘shimcha solamiz va yana 1 daqiqa aralashtiramiz. Tayyor!

5-usul.

Kerakli mahsulotlar: 7 qoshiq smetana, 3 qoshiq o‘simlik yog‘i, 1 choy qoshiq tayyor xantal, 1 qoshiq limon suvi, tuz va murch.

Tayyorlanishi: Yog‘, limon suvi, xantal, tuz, murch yaxshilab aralashtiriladi va smetanaga qo‘shiladi. Tayyor!


6-usul. Keling, ortiqcha gaplarsiz rasmga qarang. Saqlab qo’yish yodingizdan chiqmasin.

mayonez


Uyda tayyorlangan mayonez muzlatgichda 1 haftagacha turli xil konservantlarsiz, kimyoviy vositalarsiz saqlanishi mumkin. Ko‘rib turganingizdek, qimmatbaho mahsulotlarga murojaat qilinmaydi, 2-3 soat vaqt ajratishingiz ham shart emas. Bir, ikki deguncha, tabbiy mayonezni tayyorlab qo‘yasiz. BARCHAGA YOQIMLI ISHTAHA!