Havoni tozalovchi xona gullari
Tadqiqot natijalari ko‘rsatishicha, xonadondagi havo ko‘chadagidan bir necha marta iflosroq bo‘lishi mumkin ekan. Turli maishiy texnika, plastik jihozlar, yog‘och qirindisidan ishlangan jihozlar, linoleum, panellar, bo‘yoqlar, gulqog‘ozlar, kir yuvish kukunlari va tozalash vositalari — bularning barchasi xonadon va ishxonadagi havoni zaharli birikmalar — benzol, toluol, fenol, formaldegid, is gazi va karbonat angidrid gazi, azot oksidlari va ammiak bilan “boyitadi”.
Xona ichidagi havoni toza tutishda tuvakda o‘stiriladigan xonaki gullarning roli katta. Quyida havoni tozalashda eng yaxshi samara beradigan o‘simliklarni keltirib o‘tamiz.
Shefflera (Schefflera yoki soyabonli daraxt), ayniqsa, chekiladigan xonalar uchun mos tushadi. U tamaki tutunida bo‘ladigan nikotin va qatronni o‘ziga singdirib oladi va uning ta’sirini kesadi.
Tillarang ssindapsus (Epipremnum aureum yoki potos) havoni benzoldan forig‘ qiladi. Keng barglar ushbu moddani katta miqdorda singdirib oladi. U juda tez o‘sadi, biroq uni tez-tez sug‘orish shart emas.
Dratsena (Dracaena) formaldegidni zararsizlantiradi. Bu o‘simlik lak, yelim va yog‘och qirindisidan yasalgan jihozlar ajratadigan formaldegidning zaharli gazlarini yo‘q qiladi.
Xlorofitum (Chlorophytum yoki gultoj) (mashinalar ajratadigan) ishlangan gazlarni samarali tarzda o‘ziga yutadi. Shu tufayli u pastki qavatlarda yashaydigan kishilar uchun juda zarurdir.
Nafis xamedoreya (Chamaedorea elegans yoki xona palmasi) havoni namlantiradi va plastmassa ajratadigan moddalarni filtrlaydi.
Pechakgul (Hedera helix) va benjamina fikusi (Ficus benjamina) havoni tozalash bo‘yicha rekordchilar hisoblanadi.
Ular formaldegid, banzol va ammiak kabi ko‘plab zaharli moddalarni singdirib oladi. Fikus, shuningdek, havodan changni bartaraf etadi.