Bahorgi depressiyani yengishga yordam beradigan 7 ta mahsulot
- Muallif: Malika
- Toifa: Oshxona va ovqatlanish
- 2016-03-14 15:17:38
- 0
- 0
- 6784
Va nihoyat bahor ham keldi, ammo sizning kayfiyatingiz baribir tushkun, uyqu bilan bog‘liq muammolaringiz bormi? Bahorgi depressiyani bekorga vitaminlar va boshqa foydali moddalar yetishmovchiligi bilan bog‘lashmaydi, bunday vaqtda iste’mol qilish kerak bo‘lgan ba’zi mahsulotlar bor.
Pishloq
“Baxt gormoni” yoxud serotonin kayfiyatga bevosita ta’sir qiladi (ushbu modda asab tizimi ishida qatnashadi). U esa, o‘z navbatida, odam organizmida triptofan deb ataluvchi aminokislotadan hosil bo‘ladi. Odam organizmida triptofan ishlab chiqarilmaydi, u tashqaridan, ovqat orqali kiradi.
Sut mahsulotlari — juda oddiy, shu bilan birga, triptofan, shuningdek, serotonin faoliyati uchun muhim bo‘lgan kaltsiyning ham boy manbasidir. Tvorog, sut iste’mol qilish mumkin, biroq bu borada, ayniqsa, qattiq pishloqlar juda samarali.
Triptofan, shuningdek, melatonin — uyqu-uyg‘oqlik ritmlari uchun javobgar bo‘lgan gormonning vazifadoshi ham hisoblanadi. Aynan shu tufayli uyqusizlik va yomon kayfiyat o‘zaro bog‘liqdir.
Dengiz mahsulotlari
Qizil ikra tarkibida triptofan saqlash bo‘yicha yetakchi desa ham bo‘ladi, biroq bu mahsulotni iste’mol qilish uchun hammada ham imkoniyat yo‘q. Shuning uchun ratsionga baliqning yog‘li turlarini qo‘shish zarur.
Ushbu mahsulotlar polito‘yingan yog‘ kislotalari, kaliy kabi serotoninning to‘g‘ri ajralib chiqishi va uning odamga ta’sir qilishi jarayonida qatnashadigan moddalarga ega.
Yong‘oqlar va shokolad
Yong‘oqlar, ayniqsa, yer yong‘oq ham “kayfiyatni yaxshi qilish” uchun zarur moddalar manbasi hisoblanadi. Xuddi shu narsa shokoladga ham taalluqli.
Kakao qanchalik ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi — shuning uchun shokoladning qora turlarini tanlang. Shuningdek, shokolad psixologik ta’sirga ham ega, bu, ayniqsa, bulutli kunlarda uni issiq holda iste’mol qilganda bilinadi.
Kakao donlarida magniy ham bor, u stressni kamaytiradi. Mutaxassislar fikricha, asal, murabbo, achchiq shokolad, quruq mevalarni ham shiddatli aqliy yoki jismoniy mehnatda ratsionga kiritish kerak. Biroq ularning miqdori kunlik ovqatlanish kaloriyasining 10 foizidan oshmasligiga e’tibor bering — bu kuniga 50—60 gramm shirinlik demakdir.
Tovuq go‘shti
Triptofan hayvon oqsillarida o‘simlik oqsillaridagiga qaraganda ancha ko‘p. Tovuq go‘shti ko‘plab foydali xususiyatlari, jumladan, parhez bilan bog‘liq afzalliklari bilan bir qatorda, B guruhidagi vitaminlar hisobiga asab tizimini mustahkamlash xosiyatiga ham ega. Oq go‘sht tarkibiga esa A, S va Ye vitaminlari ham kiradi. Tuxum ham (ayniqsa nonushtaga) ayni muddao bo‘lishi mumkin. U nafaqat kayfiyatni ko‘tara oladi, balki uzoq vaqtga ochlik hissini yengishga yordam beradi.
Mevalar
Apelsin, limon, greypfrut va mandarin kabi mevalar, mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, efir yog‘lariga egaligi tufayli umumiy salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va organizmni tetiklantiradi. Triptofan manbasi sifatida meva va sabzavotlar yuqorida sanab o‘tilgan mahsulotlardan ortda qolsa-da, ular vitaminlarga boy hisoblanadi, vitaminlarga esa organizm bahorda kuchli ehtiyoj sezadi.
Yormalar
Asab tizimi uchun V guruhidagi vitaminlar muhim, ularning manbalarini butun donli (yanchilmagan) yormalarda topish mumkin. Ular, shuningdek, bosh miya ishi uchun zarur bo‘lgan sekin uglevodlar manbasi ham hisoblanadi. Grechka, so‘k, kepaklar asab tizimi normal ishlashi uchun hamda magniy manbasi sifatida muhimdir.