Pista sog‘lik va go‘zallik uchun qanday foydali xususiyatlarga ega?
- Muallif: Malika
- Toifa: Oshxona va ovqatlanish
- 2016-04-08 16:14:13
- 0
- 0
- 13899
Pista eramizdan oldingi asrlarda ham iste’mol qilingan. Ular boylik va farovonlik ramzi hisoblangan. Pistaning foydali xususiyatlari hozirgi kunda ham sog‘lik va go‘zallik uchun qo‘llaniladi.
Pista antioksidantlar, foydali yog‘lar manbasidir. Shuningdek, uning tarkibida ozuqaviy tolalar, oqsil, kalsiy va fosfor, asablarni tinchlantiruvchi B vitaminlar guruhi hamda Ye vitamini mavjud.
Pistaning foydali xususiyatlari
Yurak sog‘lomligini ta’minlaydi
Pista zararli xolesterin miqdorini kamaytiradi. Shuningdek, uning antioksidantlarga boyligi, tarkibida A va Ye vitaminlarga ega ekanligi yallig‘lanishning oldini olib, qon tomirlarini himoya qiladi, shu tariqa yurak-qon tomirlari xastaliklariga chalinish xavfini kamaytiradi.
Asablarni tinchlantiradi
Pista tarkibidagi B6 vitamini asab tizimining to‘g‘ri ishlashida muhim rol o‘ynaydi. B6 vitamini asab tolalari o‘rtasidagi impulslarning to‘g‘ri yetkazilishini ta’minlovchi miyelinning shakllanishida bosh rolni bajaradi. Shuning uchun B6 vitaminining yetishmovchiligi turli asab buzilishlari, uyqusizlik, xotira bilan bog‘liq muammolar, hattoki, ruhiy buzilishlarga ham olib keladi.
Ko‘z uchun foydali
Pista lyutein va zeaksantinga ega. Ular ko‘z gavhari va to‘r pardasining markaziy qismida to‘planib, ularning himoya qobig‘ini mustahkamlaydi va ko‘z kasalliklaridan himoya qiladi. Inson organizmi o‘zi lyutein va zeaksantin ishlab chiqara olmaydi, shuning uchun ratsionimizda ularning zarur miqdorini ta’minlash lozim.
Immun tizimini mustahkamlaydi
Pistani muntazam iste’mol qilish organizmning tashqi ta’sirlarga qarshiligini oshirishi isbotlangan. Unda immun tizimi faoliyati uchun muhim sanalgan foliy kislotasi, biotin, riboflavin, niatsin vitaminlari hamda fosfor, kaliy va magniy kabi minerallar mavjud.
Terini yoshartirish xususiyatiga ega
Pista Ye vitaminining boy manbasi sanaladi. Mazkur vitamin esa sog‘lom teri uchun eng muhim vitaminlardan biri hisoblanadi. U terining qurishi va qarilikda paydo bo‘luvchi dog‘larning oldini oladi. Yoz oylarida uni ko‘proq iste’mol qilish zarur.
Moddalar almashinuvini yaxshilaydi
Pista tarkibida boshqa yong‘oq turlarida bo‘lgani kabi ko‘p yog‘ mavjud. Ular o‘simlik yog‘i bo‘lishiga qaramasdan, ularni iste’mol qilishda ham me’yordan oshirish yaramaydi. Ozuqaviy tolalari hisobiga pista ozishda yordam beradi. U organizmni uzoq vaqt davomida to‘q tutadi. To‘yinmagan yog‘ kislotalari esa moddalar almashinuvini tartibga soladi va organizmda ortiqcha yog‘ to‘planishining oldini oladi.
Kamqonlikda foydali
Pista tarkibida ko‘p miqdorda temir moddasi mavjud. Shuning uchun uni kamqonlikda iste’mol qilish tavsiya etiladi.