Kayfiyatga ta’sir qiluvchi oziq-ovqat mahsulotlari
- Muallif: Karimova Diyora Baxtiyor qizi
- Toifa: Oshxona va ovqatlanish
- 2016-05-06 16:52:45
- 0
- 0
- 8831
Oziq-ovqat mahsulotlari nafaqat organizmimizni oqsillar, yog‘lar va uglevodlar bilan to‘ydiradi, balki kayfiyatimizga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Shifokorlar aytishicha, ovqat hazm qilish — psixofiziologik jarayondir. Bunda oshqozon va ingichka ichak devorlarining shilliq pardasi gastrin, sekretin, xoletsistokin gormonlarini ishlab chiqaradi. Gormonlar oshqozon-ichak yo‘lining qon tizimiga ajralib chiqadi, ovqatni hazm qildiradigan shira ishlab chiqarilishiga, ovqat siljishi va parchalanishiga imkon yaratadi. Vegetativ asab tizimi ovqat o‘zlashtirilishi jarayonini boshqaradi.
Demak, biz uchun ovqat — huzur, taomning ta’mi, hidi va ko‘rinishidan zavq olish demakdir. Biroq kayfiyat uchun oshqozon emas, miya javobgar. Foydali, lekin xunuk holatda tortilgan taom ko‘pchilikda ijobiy his-tuyg‘ularni uyg‘otmasligi mumkin, biroq xuddi shu taom chiroyli qilib bezatilib, yorqin rangdagi meva va sabzavotlar bilan dasturxonga qo‘yilsa, tetiklik va xushkayfiyat hadya etadi.
Qo‘zg‘atuvchi va tinchlantiruvchilar organizm tomonidan mustaqil ravishda ajratiladi, ammo ba’zi mahsulot turlari “xursandchilik gormoni”ni ishlab chiqarishda faol qatnashuvchi aminokislotalar — triptofanga boy oziq-ovqatlar bu jarayonni tuzatishi mumkin. Ularni bir sutkada 500 dan 2000 milligrammgacha iste’mol qilish mumkin.
Xo‘sh, ko‘p miqdorda triptofan saqlovchi mahsulotlar qaysilar? Bular:
Banan
Ismaloq
Dengiz mahsulotlari
Yong‘oq va donlar
Yog‘siz go‘sht
Pomidor
Xurmo, anjir, olxo‘ri
Qora shokolad
Yorqin rangli mevalar (apelsin, olma)
Kayfiyatni ko‘taruvchi mahsulotlar bilan birga, yomon kayfiyat bag‘ishlovchilari ham bor. Bular non va qandolatchilik mahsulotlari: oq non, shirin kulchalar, bo‘g‘irsoq, tort va boshqalardir. Shirinlik iste’mol qilish kayfiyatni ko‘tarishning eng keng tarqalgan va oddiy usuli bo‘lsa-da, mutaxassislar bunda nafsga berilishdan tiyilishga chaqirmoqda.