Dono bekaning 10 qoidasi
Yaxshi beka degan nomga sazovor bo‘lish barcha ayollarning orzusi. Aziz opa-singillar, dugonajonlar, siz ham buning harakatida bo‘lsangiz, bizning maslahatlarimizga quloq tuting. Quyida oilaviy baxtga eltuvchi bir necha sirlardan boxabar qilmoqchimiz.
- Dono bekaga vazminlik, vafodorlik tushunchalari xos. U oilasining tinchligini doim birinchi o‘ringa qo‘yadi. Oilasidagi muhit («ob-havo») ko‘p jihatdan unga bog‘liqligini juda yaxshi tushunadi va shunga ko‘ra yo‘l tutadi.
- Oila hamjihatlik demakdir. Nikoh muhabbat, bir-birini tushunish va o‘zaro hurmat asosida qurilishi kerakligini yodda tuting.
- Oilangizda orzular uyg‘unligini yarating. Oila qurish go‘yoki yangi binoning qad ko‘tarishi kabi. Turmushingiz davomida sodir etgan har bir harakatlaringizni mana shu bino asosiga qo‘yilayotgan g‘ishtlarga o‘xshatish mumkin. Bino qanchalik mustahkam bo‘lsa, unda shuncha uzoq vaqt yashaysiz.
- Ayol kishi tabiatan ijodkor ekanligini unutmang! Hayotingizning har bir kunini unutilmas, turli yorqin ranglar bilan bezashga va uyingizda doim xushkayfiyat bo‘lishiga harakat qiling.
- Hissiyotlarga erk bermang! Oqila beka g‘azabni ko‘rsatish tarbiyasizlikning bir ko‘rinishi ekanini, hech qachon, hech qayerda bunga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini yaxshi biladi. Bordi-yu, qalbida bunday his paydo bo‘lsa, shu muammoni bartaraf etish chorasini izlashga tushadi.
- Oqila beka kechirimli bo‘ladi. Hamma ham hayoti davomida xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin, bu holat turmush o‘rtog‘ingizda ham bo‘lishi tabiiy hol.
- Sabrli bo‘ling! Sabr-toqat — insondagi eng ulug‘vor fazilat. Sabr o‘rinsiz holatlardan, keraksiz gap-so‘zlardan saqlaydi.
- Oqila ayol o‘ziga va atrofdagilariga quvonch ulasha oladi. Barcha narsalardan, hatto juda kichik narsalardan ham yaxshilik izlaydi.
- Boricha qabul qilishni o‘rganing. Unutmang, insonlar o‘z tuyg‘ularini turlicha ifoda etishadi. Turmush o‘rtog‘ingizdan o‘zingiz istagan tasavvuringiz darajasidagi harakatlarni kutmang. Uning sizga bo‘lgan munosabatini qadriga yeting.
- O‘rningizni biling. Haqiqiy beka hech qachon turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlarda yetakchilik qilish uchun raqobatlashmaydi. U umr yo‘ldoshiga nisbatan hurmatda bo‘ladi va hech qachon unga shaxsiy mulkiga qaragandek qaramaydi. Har qanday erkak ayolining nazokatli, yoqimli, hayoli bo‘lishini istashini unutmang.
Demak, yaxshi beka doimo:
- Kirim va chiqimlarini nazorat qiladi. Bu qachon va qancha sarflaganini aniq bilish imkonini beradi.
- Kutilmagan mehmonlar tashrif buyurganida ham, shoshib qolmaydi. Ularni tezda mazali taomlar bilan siylaydi.
- Oshxonada yangiliklar yaratishga harakat qiladi, bu bilan har safar yaqinlarini xushnud etadi.
- Yaxshi bekaning turmush o‘rtog‘ini har kuni issiq, kechki ovqat kutadi.
- Uyida erta uchun ham yetarlicha mahsulotlarni g‘amlash haqida o‘ylaydi. Katta xaridlar qilmoqchi bo‘lsa, oldindan oz-ozdan pul yig‘ib boradi.
- Uy saranjomlash uning har kunlik yumushidir.
- Yaxshi uy bekasi barcha jihozlarini joy-joyida saqlaydi, hatto ancha vaqtdan beri ishlatilmayotgan buyumlarni qayerda ekanligini ham yaxshi biladi.
- Vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rganing. O‘zingiz uchun har kuni ertalab hech bo‘lmaganda 15-20 daqiqa vaqt ajrating.