Zargarlik buyumlarini asrash


Dunyoda ayollar borki, ular, albatta, zargarlik buyumlari, ya’ni turli taqinchoqlar taqib yurishni yoqtiradilar. Zargarlik buyumlariga qiziqish darajasidan qat’iy nazar, bu kabi buyumlar har bir ayolda so‘zsiz mavjud, shunday emasmi?!

Postimizning maqsadi – chiroyingizga chiroy qo‘shib turgan zargarlik buyumlaringizni asrash borasidagi siz bilmagan jihatlarni aytib o‘tish, bilganlaringizni esa yana bir bor yodga solish. Zero, qimmatbaho metallardan ishlangan buyumlar yaxshi asralsa, ko‘p yillarga xizmat qilishi shubhasiz.

Zargarlik buyumlarim ko‘p yillar xizmat qilsin, desangiz:
1 Turli xo‘jalik va ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanayotganda, bezak buyumlari shikastlanmasligi uchun ularni yechib qo‘ying;

2 Bezak buyumlarini yechganda ularni yumshoq mato – quruq flanel bilan yaxshilab arting. Shunda nam tegib, dog‘lanib qolmaydi;

3 Yod oltinda dog‘ hosil qiladi, shu sababli ham ikkisini “uchrashtirmagan” ma’qul. Dog‘ini ketkazish uchun esa buyumni 15-20 daqiqa giposul’fitli (1 stakan suvga 1 choyqoshiq giposul’fit) eritmaga solib qo‘yish lozim;

4 Agar tilla buyumlar xiralashsa (yarqiramay qolsa), bir stakan sovunli suvga solingan 0,5 choy qoshiq novshadil spirti aralashmasida yuviladi. So‘ng toza iliq suvga chayiladi va flanel bilan yaxshilab artiladi;

5 Tozalamoqchi bo‘lgan tilla taqinchog‘ingizda tabiiy toshlar bo‘lsa, novshadil spirti kamroq (2-3 tomchi) tomiziladi;

6 Tilla yoki zarhal suvi yugurtirilgan taqinchoqlarni tish pastasi bilan yoki pivo va tuxum oqining teng miqdordagi aralashmasi bilan ham tozalash mumkin;

7 Qorayib qolgan tilla buyumlarni 25% li amiyak yoki novshadil spirtining suv bilan aralashmasiga 20 daqiqa solib qo‘ying. Ammo bu usulni marvarid va qahrabo (yantar) ko‘zli buyumlarga qo‘llab bo‘lmaydi;

8 Kumush buyumlarni karton qutilarda, qog‘ozga o‘rab yoki shoyi matolarda saqlamaslik kerak. Chunki ular tarkibida sulfit kislotasi mavjud. Pargament qog‘ozda saqlang;

9 Kumush buyum va taqinchoqlar novshadil spirtining oq bo‘r bilan aralashmasida yaxshi tozalanadi;

10 Kumush buyumlar havo ta’sirida xiralashadi, qorayib qolishi mumkin. Bunda kollodiumning suyuq eritmasini yupqa qilib surtish kerak. Kollodiumni issiq suv yoki novshadil spirti bilan artib tashlash mumkin;

11 Feruza, marvariddan ishlangan buyumlarni juda ehtiyot qilish kerak. Chunki bu toshlarning, ayniqsa, feruza toshining rangi sovun ko‘pigi, kosmetika vositalari, atir, suv, atseton, kislotalar, quyush nuri ta’sirida o‘zgaradi;

12 Qattiq kirlangan zargarlik buyumlarini zargarlik ustaxonasiga berib tozalattirgan ma’qul.


Teglar: tozalash tozalik