Uyqu oldidan...
- Muallif: Karimova Diyora Baxtiyor qizi
- Toifa: Go'zallik va salomatlik
- 2015-10-15 12:14:37
- 0
- 0
- 8446
Oqshom — har birimizga atalgan xususiy vaqt. Siz uni uni divanda uzala tushib yoxud kundalik shaxsiy ishlaringizni bajarib o'tkazishingiz mumkin. Quyidagi maqolada ish samaradorlingizni oshirishga yordam beradigan tungi odatlar haqida so'z yuritiladi.
Bizni, asosan, kunni qanday boshlash kerakligi haqidagi savollar qiziqtiradi:
- Kun samarali o'tishi uchun tongda nima qilish kerak?
- Qanday qilib tongning haqiqatda umidbaxsh bo'lishiga erishish mumkin?
- Tonngi uyquni qanday qilib yengsa bo'ladi?
- Ertalabki odatlar qanday shakllantiriladi?
Ammo shunisi ham borki, shijoatli kishilar kunning barcha qismidan unumli foydalanishni bilishadi. Qattiq toliqqan bo'lishlariga qaramay, tunning ma'lum qismini ekran yoki monitor qarshisida o'tkazishadi.
Kelayotgan yangi kun aynan tundan boshlanishini unutmaslik lozim. Tungi uyquga qadar nimalar bilan mashg'ul bo'lganimiz yaxshi yo yomon uxlashimizga ta'sir qiladi. Bu esa, o'z navbatida, ishchanlik faoliyatiga ta'sir o'tkazadi.
Tunda turli ijobiy, foydali mashg'ulotlarni bajarish mumkinki, ular yangi kun mobaynida kuch-quvvat, yaxshi kayfiyat va tetiklik bag'ishlaydi. Ulardan ba'zilarini sizga ham tavsiya qilamiz. Mashg'ulotlar uyqudan oldingi 2-3 soat vaqtingizni oladi, xolos.
Piyoda sayr
Pyotr Ilich Chaykovskiy sayr qilishni jon dildan sevgan. Zamondoshlarining xotirlashicha san'atkor sayr uchun har kuni 2 soat vaqt ajratgan. Toza havodan nafas olish ilhomlantirib, ijod onlariga sabab bo'ladi.
Shunday ekan, uyqudan oldingi qisqa sayrni kanda qilmang. Mubolaasiz, sayr o'tayotgan kundan qolgan yomon xotiralar, xavotir va vahimalarni hatlab o'tishga, ulardan qutulishga yordam beradi.
Sokinlikda o'yingizni band etgan yangi g'oyalar sizni yanada ruhlantiradi. Bundan tashqari piyoda yurish sog'liq uchun ham foydali.
Kun tahlili
Benjamin Franklin vaqtni eng qimmat resurs sanagan va uning taqsimotiga nihoyatda nozik yondashgan. U kun yakunida har doim o'ziga “Bugun men qanday yaxshi ish qildim?”, degan savolni bergan, o'tgan kunini muhokama qilgan. Bu esa unga muvaffaqiyatlari sababini anglash, maqsadini aniqlashda ko'mak bergan.
Siz ham sinab ko'ring. 5-10 daqiqa vaqtingizni kun tahliliga bag'ishlash orqali xatolarning oldini o'z vaqtida olish mumkin.
Mutolaa
Buyuk kishilarning aksarida uyqu oldidan kitob o'qish odati bo'lgan. Mutolaa — ilhom , yangi g'oyalarni ishlab chiqishga turtki beradi. “Kitob katalizator”ligini yodda tuting. Agar uyqusizlikka duchor bo'lgan bo'lsangiz, kitob mutolaasidek tinchlantiruvchi, foydali “shifo”ni topolmaysiz.
Nimani o'qish, albatta, didingizga bog'liq. Biroq o'tkir syujetli kitoblar, dramatik asarlarni uyqu oldidan mutolaa qilishni tavsiya etmaymiz.
Yorug'likka alohida e'tibor bering. Bu bizning iltimos. Allaqachon elektron kitob javoniga ega bo'lsangiz, ekran yorug'ligini minimum darajagacha pasaytiring, gadjetni o'zingizdan kamida 35 sm uzoqlikda ushlang.
Meditatsiya (Chuqur mulohaza yuritish)
Tonggi meditatsiya jarayoni ish kuniga moslashishga yordam beradi. Kuniga ikki marta chuqur mulohaza yuritib ko'rish foydadan xoli emas.
O'zingizga qulay holatda o'tirib oling. Fikrlaringizni nazorat qilmang, o'z oqimi bo'ylab harakatlanishiga qo'yib bering. Diqqatingizni nimagadir jamlashga yoxud nimadir chalg'itishga urinmang. Kun davomida o'yingizni band etgan hamma og'ir xayollar o'tmishda qolsin.
Tunggi meditatsiya miyani “tozalab olish” ga, yangi kunni yangi tajriba va fikrlar bilan boshlashga imkon beradi.
Komendant soati
Yorug'lik melatonin va kortizola ishlab chiqarishda ishtirok etadi. Yorug'likning yo'qligi melatonin darajasini oshiradi. Bu bizning tunda dam olishimizni ta'minlaydi. Sahar vaqti esa kortizolaning miqdori oshadi va organizm ishga kirishishga tayyorlanadi. Shunday, tabiatdagi har bir hodisa o'z hikmatiga ega.
Lekin XXI asr odamlarining qanday uxlashlarini bir ko'z oldimizga keltiraylik. Albatta noutbuk, smartfon, planshet ekranidan nigoh uzmay ko'zlari uyquga keta boshlaydi. Buning qanchalik zararli ekanini bilmoqchi bo'lsangiz, internetga qidiruv bering, darrov javobini topasiz.
Bunday illatdan qutulishning eng yaxshi yo'llaridan biri — komendant soatidir (harbiy holat paytida ko'chalarda ruxsatsiz yurish man qilingan soat). Hech qanday gadjetlarsiz! Gadjetlar bilan bog'liq yana bir ko'ngilsiz holat raqamli shumning miriqib dam olishga, uyqu sifatiga yomon ta'sir ko'rsatishi bilan izohlanadi.
Oqshomda gadjetingizni uchish rejimiga kiritib qo'ying. Tinchligingiz va uyqungizni suratga qoldirilgan izoh haqidagi xabar, navbatdagi email jo'natmasi, bankning super taklifi to'g'risidagi SMS buzishiga yo'l qo'ymang! (Nega endi ularni aynan tunda yuborish kerak o'zi?)
Ruhlantirish autotreningi
Kechqurun ham aqlimiz tongdagi tiniqligidan uncha farq qilmaydi. Shu sabab tun o'z-o'zini ruhlantirish uchun eng yaxshi vaqt hisoblanadi.
Bunda ijobiy affirmatsiyalardan foydalangan ma'qul:
O'ziga ishonchga bo'lgan rag'bat;
o'z muvaffaqiyatiga ishonish;
mavhum mulohazalarga berilmaslik;
o'z maqsadlariga diqqat qaratish;
o'zida qattiq mehnat qilish uchun motivatsiya hosil qilish va shunday davom etish.
Affarmatsiyalarning ta'sirini kuchaytirish uchun ularni ovoz chiqarib (ko'zgu oldida bo'lsa, yana-da yaxshi) aytgan ma'qul. Har tun takrorlanadigan autotrening ichki streotiplardan ozod bo'lishga yordam beradi.
Kundalik yuritish
Kundalik yuritish — grafomaniyaga mubtalo bo'lganlar ermagi emas. Ruhshunoslar ta'kidlashicha, biz his-tuyg'ularimizni qozog'da, monitorda ifodalash orqali hayotni yaxshiroq anglay olamiz. Ba'zan-ba'zan kundalik yozib turish dilxiraliklar tarqalishiga, o'zni fosh qilib yengil tortishimizga, ongostidagi zo'riqishlardan xalos bo'lishga olib keladi.
Tun o'z-o'zimiz bilan kundalikda gaplashish uchun eng qulay payt. Nima haqida yozish mumkin? Oddiy. Sizni tark etayotgan bugun haqida, g'amgin va xursand qilgan voqealar, siz muloqotda bo'lgan kishilar to'g'risida yozing.
Rejalashtirish
Yangi kun uchun rejalarni tunda qilib olish orqali:
vaqtni tejab qolasiz ( rejalashtirish ertalabki qimmatli vaqtingizni olmaydi);
safarbarlikka erishasiz, kun davomida qilishingiz lozim bo'lgan ishlarga tayyor holda uyg'onasiz.
Kunni qanday qilib rejalashtirib olish esa o'zingizga havola. Agar bu borada bir to'xtamga kela olmayotgan bo'lsangiz, unda bizning keyingi maqolalarimizni kuting.
Umuman olganda rejalashtirish qoidasi u qadar qiyin emas: barcha vazifalarni yozib olish, so'ngra esa ularni muhimliligi va qachon bajarishingiz lozimligiga ko'ra saralab chiqing. Keyin ularni amalga oshirishga kirishing.
Rejalarni tartiblash
Bu odat o'tgan kun bilan bevosita bog'liқ. Ishlaringiz ro'yxatini tuzayotganda ularni muhimlilik darajasiga ko'ra tartiblang. Ular orasidan dastavval qilishingiz kerak bo'lgan uch vazifani tanlab oling. Bunday tanlov asosiy maқsadga erishishingizda poydevor bo'lib boradi, jarayonni osonlashtiradi.
Undan keyin uchta kichik vazifani belgilab oling. Ularni quyidagicha raqamlash mumkin: №1 — soat 11 gacha bajarish, №2 — birinchi vazifadan keyin darrov unga kirishish, №3 — tushlik paytida shug'ullanish.
Har qanday vaziyatda kelgusi kun uchun mukammal rejani tuzib olish motivatsiyani oshiradi. Ularni ishni barmoqlar tartibidek ketma-ket qilishni osonlashtiradi. Sinab ko'ring, shundaymasmikan?
Minnatdorlik
Bu yumushni bajarishning eng qulay vaqti joyingizga yotib, ko'zlaringizni yumib olgan daqiqalaringizdir. Diqqatingizni jamlab, o'tayotgan kunda kimlarga rahmat aytishingiz kerak edi — shu haqida o'ylab kўring.
Xonangizga yo'l-yo'lakay kirib o'tadigan hamkasbingiz, tamaddixonada sizga ajoyib xizmat ko'rsatgan ofitsant, g'amxo'r va xayrixoh turmush o'rtog'ingizga va o'z-o'zingizga tashakkur ayting.
Minnatdorlik tuyg'usi insonlararo munosabarlarni bezab qolmasdan, kishini ruhlantiradi, hayotga muhabbatini yuksaltiradi. Yoqimli hislar og'ushida xotirjam uyquga ketish tongning chindanda xayrli bo'lishiga zamin hozirlaydi.
Unutmang,
“Yaramas odatlardan faqat bugun voz kechish mumkin, ertaga emas.”
Konfutsiy