Uyga tozalik baxsh etamiz
Uydagi chang va tartibsizlikdan, shu bilan birga qishdan qolgan ashqol-dashqollardan xalos bo‘lishda ishni nimadan boshlagan ma’qul?
Changlarni tozalang
Uy havosi toza va sog‘lom bo‘lishi uchun changlarni artish zarur. Eng xilvat burchaklarni va plintuslarni ham ko‘zdan qochirmang.
Idish-tovoq, qutilar va kam foydalaniladigan buyumlarning barchasini shkaflardan chiqarib, javonlarni nam latta bilan artib chiqing. Ularni qayta joylashtirayotganingizda burchaklarga iforli yog‘larga botirilgan paxta bo‘laklarini qo‘yib chiqing, ular buyumlarga mayin va xushbo‘y hid beradi.
Oxirida pollarni artib, xonalarni yaxshilab shamollating.
Agar uyda xona o‘simliklari bo‘lsa, ularga ham alohida e’tibor qaratishni unutmang. Bahorda gullarning nimjon novdalarini kesib tashlab, suv quyishni ko‘paytirish kerak. Bundan tashqari, gultuvaklarning tuprog‘ini yangilab, o‘g‘it solish zarur.
Derazalarni arting
Uyni changlardan tozalagach, oyna yuvishga kirishishingiz mumkin. Oynalarni bulutli havoda artgan yaxshi, shunda quyosh nurlari sizga xalal bermaydi.
Derazalarni bir choy qoshig‘ida nashatir spirti yoki maxsus vosita qo‘shilgan iliq suvda yuving. Dastlab oynaning tashqarisini, so‘ng romlar oralig‘ini, va oxirida ichkari tomonni arting.
Deraza tokchalari va romlarni ham yaxshilab tozalashni unutmang.
Pardalarni yuving
Endi parda yuvishga kirishamiz. Ularni yuvish zaruratdir, zero ular uydagi chang yig‘uvchi asosiy buyumdir.
Pardani kir yuvish kukuni solingan suvga bir-ikki soatga ivitib qo‘yishdan oldin, tashqariga qoqib tashlang.
Kir yuvish mashinasidan foydalansangiz, muloyim tarzda yuvish (деликатная стирка) rejimini belgilang. To‘rpardani ham mashinada yuvish mumkin, uning yirtilib ketishi oldini olish uchun uni maxsus xaltachaga solgan ma’qul.
Yozda qalin pardadan umuman voz kechish ham mumkin, shaffof to‘rpardaning o‘zi yengillik va osoyishtalik shukuhini beradi.
Qishki buyumlarni olib qo‘ying
Javonlarni barcha qishki buyumlardan tozalaymiz. Palto va kurtkalarni kimyoviy tozalashga bering, so‘ng ularni plastik yoki mato g‘iloflarga solib shkafning tepa qismlariga joylashtiring.
Issiq kofta, sviter va jun kiyimlarni yuvib, quriting va olib qo‘ying.
Javonlarni qishki poyabzallardan tozalashni ham unutmang. Avval ularni yuving, quriting, tuzatish kerak bo‘lsa, etikdo‘zga bering, so‘ng qutilarga solib, yana sovuq tushgunicha olib qo‘ying.
Uy yig‘ishtirish ko‘p kuch va vaqt talab etmasligi uchun ishni keyinga qoldirmang — muntazam ravishda uy tozalab turish ish yig‘ilib qolishining oldini oladi hamda uyni toza va tartibli saqlashga yordam beradi.